Pentagon Xitoyni razvedka shari uchirganlikda gumon qilmoqda (video)
Olam
−
03 fevral 2023
7118AQSH harbiylari mamlakatning shimoliy hududlari ustida Xitoyga tegishli deb hisoblanayotgan razvedka sharini topdi. Bu haqda Pentagon matbuot kotibi Patrik Rayderga tayanib, CNBC telekanali xabar berdi.
Qayd etilishicha, shar joriy yilning 1 fevralida Montana shtatining Billings shahri ustida ko‘ringan. Uni Aleut orollaridan uchib kelgan deb taxmin qilishmoqda. Mudofaa vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, havo shari hali ham AQSH hududida, biroq uning aniq qayerda ekanligi noma’lum.
“Biz uni diqqat bilan kuzatishda davom etamiz. AQSH hukumati zudlik bilan maxfiy ma’lumotlarni himoyalash choralarini ko‘rdi”, dedi Pentagon matbuot kotibi Patrik Rayder.
Shuningdek, Pentagon rahbari Lloyd Ostin bir qator yuqori martabali amaldorlar, jumladan, shtab boshliqlari birlashgan qo‘mitasi raisi Mark Milli, Shimoliy Amerika Aerokosmik mudofaa qo‘mondonligi va AQSH Shimoliy qo‘mondonligi rahbari Glen Vanxerkelar bilan uchrashgan. Ular “Xitoy shari”ning ehtimoliy tahdidini muhokama qilib, vayronalar odamlar uchun xavf tug‘dirishi mumkinligi sababli uni urib tushirmaslikka qaror qilishdi. Vaziyat haqida Prezident Jo Baydenga xabar berilgan.
Pentagon vakilining so‘zlariga ko‘ra, havo shari razvedka ma’lumotlarini yig‘ish nuqtai nazaridan qo‘shimcha xavf tug‘dirmaydi. Bunga qaramasdan rasmiylar xorijiy razvedka tomonidan maxfiy ma’lumotlar to‘planishidan himoyalanish uchun zarur choralarni ko‘rgan. Shuningdek, u AQSH Xitoy hukumati bilan bir necha kanallar orqali bog‘langanini aytgan. Biroq Pekin sharning Xitoyga tegishli ekanligini tan olganmi yoki yo‘qmi, bunga aniqlik kiritilmagan.
Alibek Beyjanov
LiveBarchasi