AQSH “josus shar”ni urib tushirdi. Bunga Xitoy nima deydi?
Olam
−
06 fevral 2023
11984Avval xabar berganimizdek, o‘tgan haftada AQSH havo hududida Xitoyga tegishli bo‘lgan havo shari aniqlangan edi. Hafta oxirida esa AQSH harbiylari sharni urib tushirishga qaror qildi. Bu haqda CNN xabar berdi.
Qayd etilishicha, “josus shar” Virjiniyadagi Lengli harbiy havo bazasi samolyotlari tomonidan otib tushirilgan. AQSH rasmiylari sharni razvedka maqsadlarida foydalanilgan deb gumon qilgan. Xitoy esa havo sharining urib tushirilishiga nisbatan noroziligini bildirib, AQSHni haddan tashqari reaksiya bildirganlik va xalqaro amaliyotni jiddiy buzganlikda ayblagan.
Shuningdek, Xitoy rasmiylari AQSHni Xitoy manfaatlariga ziyon yetkazuvchi boshqa harakatlar qilmaslikka, keskinlikni kuchaytirmaslikka chaqirgan.
“AQSHning qilgan ishi har ikki tomonning sa’y-harakatlari va ikki tomonlama munosabatlarni barqarorlashtirish yo‘lidagi Bali uchrashuvidan [Jo Bayden va Si Szinpin o‘rtasida – tahr.] keyin erishilgan muvaffaqiyatga jiddiy ta’sir ko‘rsatdi va zarar keltirdi”, deyiladi Xitoy TIV bayonotida.
Bayonotga ko‘ra, AQSH havo sharining fors-major holatlari tufayli Qo‘shma Shtatlar hududiga adashib kirib ketganiga ishonmagani va AQSH havo hududidan ketish arafasida turgan sharga nisbatan kuch ishlatgani uchun javob beradi. Pekin zarur bo‘lgan barcha qarshi choralarni ko‘rish huquqini o‘zida saqlab qoladi.
Alibek Beyjanov
LiveBarchasi