AQSH orzusidagi o‘zbekistonliklar Puerto-Rikoda hibsga olindi
Olam
−
08 fevral
7883Amerika Qo‘shma Shtatlari Xavfsizlik departamentining Tergov boshqarmasi (HSI) 3 fevralga qadar AQSH bo‘ysunuvidagi Puerto-Rikoda federal immigratsiya qonunlarini buzganlikda ayblab, 100 kishini, jumladan O‘zbekiston fuqarolarini ham hibsga oldi. Bu haqda CNN xabar berdi.
Qayd etilishicha, hibsga olishlar joriy yil 26 yanvarda butun mamlakat bo‘ylab boshlangan operatsiyalar doirasida va AQSH Prezidenti Donald Trampning noqonuniy immigratsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha buyruqlariga binoan amalga oshirilgan. Mazkur buyruq noqonuniy immigratsiya qilgan shaxslarni aniqlash, ular bilan ishlash va ularni o‘z vataniga deportatsiya qilishni talab qiladi.
“2025 yil 3 fevral holatiga ko‘ra, HSI San-Xuan hududida hibsga olinganlar jami 100 kishidan iborat. Ular orasida Gvatemala, Ekvador, Dominikan Respublikasi, Gaiti, Meksika, Xitoy Xalq Respublikasi, Dominikan, Braziliya, Britaniya Virjiniya orollari, O‘zbekiston, Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston, Isroil, Italiya va Yaponiya fuqarolari bor”, deyiladi xabarda.
HSI ma’lum qilishicha, hibsga olinganlar AQSH Hibsga olish va deportatsiya boshqarmasi hamda Bojxona va chegara himoyasi boshqarmasining Puerto-Riko va Britaniya Virjiniya orollaridagi inshootlarida protsessual jarayondan o‘tkazilmoqda.
Ma’lumot uchun, Puerto-Riko Vashingtonning ko‘plab federal qonunlarga amal qiladigan Amerika Qo‘shma Shtatlarining hududi hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2023 yil sentyabrdan 2024 yil sentyabrgacha AQSHdan O‘zbekistonga 572 kishi chiqarib yuborilgani xabar qilingandi. 2023 yil sentyabrdan 2024 yil sentyabrgacha mamlakatdan deportatsiya qilingan muhojirlar soni 2014 yildan beri eng yuqori darajaga chiqqan.
LiveBarchasi
Trenddagilar

