Kurs UZS

USD

12 953.20

15.09

EUR

14 058.11

-18.55

RUB

151.13

1.14

Tramp “bo‘ysundirish”ni boshladi. Kolumbiya ilk “qurbon”. Bu xavflimi?

Tahlil

AQSHning 47-Prezidenti Donald Tramp dunyo hamjamiyatiga u boshchiligidagi mamlakat bilan aloqalar keyingi 4 yillikda juda murakkab va ziddiyatli bo‘lishi haqida messej bera boshladi. Dastlab Tramp Grenlandiya masalasida Daniya Qirolligi Bosh vaziri Mette Frederiksen bilan o‘ta xunuk ohangda gaplashgani haqida xabarlar tarqaldi. Bu xabar bilan parallel tarzda AQSH tarixidagi eng ulkan deportatsiya kompaniyasi rasman boshlanib ketdi. Aynan shu deportatsiya jarayoni Tramp uchun dunyo sahnasida boshqa rahbarlar bilan keyingi 4 yillikda hali juda ko‘plab sodir bo‘lishi kutilayotgan janjallar seriyasini boshlab berdi. Meksika, Braziliya, Gvatemala va Kolumbiyaga kamsitishlar bilan “ortilgan” noqonuniy muhojirlar bir qancha reyslar orqali deportatsiya qilindi. Ammo bu kampaniya o‘zining ilk kunlaridayoq jiddiy muammolarga uchrab, ikki davlat, xususan, Meksika va Kolumbiya AQSH harbiy samolyotlarining shu maqsadda kelgan reyslariga qo‘nishga ruxsat bermadi. Tramp esa o‘ch olishni birinchi bo‘lib bu ishni qilgan Meksikadan emas, balki Kolumbiyadan boshladi. Tramp Kolumbiyani keyingi yillarda o‘zining eng kuchli “kaltak tayog‘i” bo‘lib xizmat qilishi kutilayotgan “bojlarni 25 foizga oshirish” bilan jazoladi. Bundan tashqari, rasmiy Bogotaga yana bir qator sanksiyalar ham joriy etish bilan tahdid qildi. Yakunda esa…

Noqonuniy muhojirlarga past nazar

Muhojirlar deportatsiyasi ular xoh qonuniy, xoh noqonuniy bo‘lsin, odatda fuqarolik reyslarida amalga oshiriladi. Ammo Trampning ommaviy deportatsiya harakati buning mutlaqo aksi bo‘lmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan hafta chorshanbaga o‘tar kechasi 460 nafar noqonuniy muhojir hibsga olingan. Payshanba kuni esa hibsga olingan 538 nafar noqonuniy migrantlar birin-ketin oyoq-qo‘li kishanlangan holda AQSH harbiy samolyotlariga chiqarilayotgani tasvirlangan suratlar e’lon qilindi. Trampning matbuot kotibi Karolina Livitt esa bu holatni yuzlab “noqonuniy jinoyatchilar” deportatsiyasi deb nomladi. U payshanba kuni hibsga olingan 538 noqonuniy migrantning 373 nafari jinoiy faoliyat bilan shug‘ullanganini qo‘shimcha qildi. Livitt ular orasida terrorchilikda gumon qilinganlar, saylov kompaniyasi davomida Tramp tomonidan tanqid ostiga olinib, Kolorado shtatidagi Aurora shahrini “urush o‘chog‘iga” aylantirganligi da’vo qilingan Venesueladagi Tren de Aragua to‘dasining to‘rt nafar a’zosi va voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy jinoyatlarda ayblangan bir necha noqonuniy shaxslar borligini aytdi. Shu tariqa Trampning butun boshli ikkinchi prezidentlik muddati davomida eng ustuvor masala bo‘lib o‘rtaga chiqadigan misli ko‘rilmagan tarixiy deportatsiya start oldi. Manbalarga ko‘ra, samolyotlardan biri payshanba kuni kechqurun Texasning El-Paso shahridagi armiya aerodromidan havoga ko‘tarilib, Gvatemalaga yo‘l olgan. Gvatemalaga bir emas, ikkita harbiy samolyot yo‘lga chiqqan bo‘lib, ularda 80 ga yaqin noqonuniy muhojir bo‘lgan.

Tramp ma’muriyati mamlakatdan noqonuniy migrantlarni shunday qo‘pol tarzda deportatsiya qilishda davom etdi. Hafta oxirida Braziliya ham deportatsiya reysini qabul qildi. Ammo bu safar harbiy emas, balki fuqarolik samolyotida. Ko‘rinishidan Tramp ma’muriyati reyslar uchun samolyot tanlashda mamlakatlarning obro‘yiga e’tibor qaratayotgandek go‘yo. Ammo shunday bo‘lsa-da, Braziliyaga qaytarilganlarga ham xuddi jinoyatchidek muomalada bo‘lingani iddao qilinadi. Qo‘l-oyog‘iga kishan solingan 88 nafar braziliyalikka 16 nafar xavfsizlik agenti va sakkiz nafar ekipaj a’zosi “hamrohlik” qilgan. Aniqrog‘i, juda yomon hamroh bo‘lgan. AQSHdan qaytarilgan braziliyaliklarning ko‘pchiligi ularga samolyotda juda yomon munosabatda bo‘lishganidan shikoyat qilgan. Ba’zilar parvoz vaqtida 4 soat davomida suv ham berilmagani va hatto hojatxonaga ham chiqishga ruxsat etilmaganidan arz qilsa, ba’zilari bo‘g‘iq havo muhitida nafas olishga qiynalganini aytgan. Braziliya Tashqi ishlar vazirligi esa shanba kuni qo‘liga muhojirlarni kishan solingan holda olib kelgan deportatsiya reysidagi barcha kamsituvchi holatlarni qoralab, AQSHdan bu haqda izoh talab qilgan.

Trampning deportatsiya siyosati Kolumbiyada “portladi”

Trampning haqoratli tarzda olib borayotgan deportatsiya siyosati siyosiy va iqtisodiy janjalga aylanib ketishi o‘zini uzoq kuttirmadi. Ortda qolgan haftaning o‘zidayoq, aniqrog‘i 26 yanvar kuni uning bunday yondashuvi AQSH va Kolumbiya o‘rtasida jiddiy qarama-qarshilikka sabab bo‘ldi. Kolumbiya AQSHdan muhojirlarni olib borayotgan ikki harbiy samolyotni mamlakat hududiga qo‘nishiga ruxsat bermadi. Shu tariqa rasmiy Bogota Meksikadan keyin AQSH harbiy samolyotlarining deportatsiya reyslarini rad etgan ikkinchi Lotin Amerikasi davlati bo‘ldi. Biroq yuqorida ta’kidlanganidek, Tramp aynan Kolumbiyaga bu harakati uchun javob qaytarishni ma’lum qildi. Tramp AQSHning eng yirik savdo sherigi bo‘lgan Meksikaga nisbatan xuddi shunday chora ko‘rish bilan tahdid qilmadi, biroq AQSHga oqib kelayotgan noqonuniy muhojirlarga qarshi yetarlicha chora ko‘rmasa, Meksikani ham 1 fevral kuni Kanada bilan birga shunday “jazo” kutishi haqida ogohlantirgan. Kolumbiyaga esa zudlik bilan javob bergan Tramp AQSHning Lotin Amerikasidagi uchinchi yirik savdo sherigi hisoblanadigan bu mamlakatga jazo chorasi sifatida uning AQSHga kelayotgan barcha tovarlariga 25% tariflarni joriy qilinishini aytdi. Bundan tashqari, yana qator cheklovlar, xususan, Kolumbiya hukumati amaldorlariga sayohat taqiqi, vizalarni bekor qilish, bank va moliyaviy sanksiyalar ham qo‘llanishi e’lon qilindi. Shuningdek, Kolumbiya fuqarolari va yuklariga nisbatan kuchaytirilgan chegara tekshiruvlari boshlanishi aytildi. Trampning qo‘rqitishlari bo‘yicha “bu chora-tadbirlar hali boshlanishi” edi.

Tramp o‘ziga qarashli Truth Social tarmog‘ida Kolumbiya Prezidenti Gustavo Petroning deportatsiya reyslarini qabul qilishdan bosh tortishi AQSH milliy xavfsizligiga tahdid solayotganini yozdi. AQSH Davlat kotibi Marko Rubio esa o‘z bayonotida, Petro bu parvozlarga ruxsat berganini, ammo samolyotlar allaqachon havoda bo‘lgan paytda bu qarorni bekor qilganini bildirdi. O‘z o‘rnida, Kolumbiya tomoni ham AQSHning xatti-harakatlariga jim qarab turgani yo‘q. Ular dastlab AQSH tovarlariga 50 foiz boj qo‘yish bilan tahdid qildi. Ammo mamlakat Prezidenti Gustavo Petro keyinchalik o‘z Savdo vaziriga AQSH importiga nisbatan bojlarni 25 foizga oshirishni buyurganini e’lon qildi. Shuningdek, Petro Trampning haqoratli deportatsiya siyosatiga o‘ziga xos tarzda javob qaytardi. U Kolumbiya vataniga deportatsiya qilingan muhojirlarni fuqarolik samolyotlarida kutib olishini ma’lum qildi. Bundan tashqari, Petro Kolumbiyada qonuniy immigratsiya maqomiga ega bo‘lmagan 15 660 nafar amerikalik bo‘lsa ham, u hech qachon qo‘llari kishanlangan amerikaliklarni AQSHga qaytarish uchun reyd o‘tkazmasligini ham qo‘shimcha qildi. Petro AQSHdan shunchaki kolumbiyalik noqonuniy muhojirlarga jinoyatchidek munosabatda bo‘lmaslikni va ularni fuqarolik samolyotida qaytarishni talab qilmoqda xolos. Tramp esa fuqarolik samolyotlarida ham qilsa bo‘ladigan reyslarni atayin harbiy uchoqlarda amalga oshirmoqda. AQSHning 47-Prezidenti o‘zining bunday qarori bilan ko‘p ehtimol deportatsiya siyosatiga jiddiy tus berish, noqonuniy migratsiya rostdan ham milliy xavfsizlikka tahdid ekanini ko‘rsatish uchun mazkur jarayonni harbiylashtirayotgan bo‘lishi mumkin. 

Tez yonib o‘chgan olov

Kolumbiya va AQSH mojarosi boshlanib, Gustavo Petro Trampga munosib javob qaytarganidan  bir necha soatlar o‘tar-o‘tmas, ziddiyatli vaziyat to‘laqonli tarzda AQSH foydasiga hal bo‘ldi. 26 yanvarning o‘zidayoq, kechki payt ikki o‘rtada “savdo urushi” boshlanishga ulgurmasdanoq, masala yopildi. Oq uy bojlarni oshirmaslik sharti evaziga Kolumbiya hukumati Prezident Donald Tramp tomonidan ilgari surilgan barcha shartlarni, jumladan, AQSH tomonidan deportatsiya qilingan muhojirlarni shartsiz qabul qilishni ma’qullaganini ma’lum qildi.

“Kolumbiya hukumati Prezident Trampning barcha shartlarini, shu jumladan AQSH tomonidan harbiy samolyotlarda deportatsiya qilinadigan barcha noqonuniy migrantlarni cheklovlarsiz va kechiktirmasdan qabul qilishni ma’qulladi”, deyiladi hujjatda.

Shu kuni kechqurun Kolumbiya Tashqi ishlar vaziri Luis Gilbertu Murilo ham bu borada bayonot berib, “biz AQSH hukumati bilan tanglikni yengdik” deya holatni izohladi. Biroq Qo‘shma Shtatlar bu borada rasmiy Bogotaning shartlarni bajarishini sinovdan o‘tkazish niyatida. Negaki, Kolumbiya uchun tariflar va sanksiyalarni qo‘llaydigan buyruqlar loyihasi zaxirada saqlanishi va agarda Kolumbiya ushbu kelishuv shartlarini buzsa, savdo bojxona tariflari va sanksiyalarni joriy etish loyihasi imzolanishi qat’iy uqtirildi. Shuning uchun Kolumbiya rasmiylariga qarshi vizaviy cheklovlar va bu davlat fuqarolari hamda yuklari uchun kuchaytirilgan chegara nazorati mamlakat deportatsiya qilingan ilk migrantlarni qabul qilishgacha saqlanib qoladi. Albatta, bu bahsda Kolumbiya uzoqqa bormasligi tayin edi. Chunki ikki o‘rtadagi savdo aloqalariga nazar tashlansa, Kolumbiya AQSHsiz tik oyoqda tura olmasligini ilg‘ash qiyin emas. Chunki AQSH Kolumbiya uchun birinchi raqamli savdo sherigi hisoblanadi. Kolumbiya esa bu borada AQSH uchun bor-yo‘g‘i 23-o‘rinda xolos. Bundan tashqari, Kolumbiya importining uchdan biri, YIMning 4 foizi AQSH bilan savdo-sotiq munosabatlariga aloqador. Shunday sharoitda Kolumbiya tovarlariga bojlarni oshirish mamlakat uchun iqtisodiy tanazzul xavfini keltirib chiqarish ehtimoli yuqori edi.

Xullas, shu tariqa Tramp ikkinchi muddatidagi o‘zining ilk “jangi”ni muvaffaqiyatli yakunladi. Ammo bu ko‘p ehtimol dunyo uchun o‘ziga xos xavotirli signal. Negaki Trampning keyingi bahslari qatorida Grenlandiyani majburan sotib olish va Panama kanalini shunchaki tortib olish kabilar turibdi. Bu da’volar esa bosqinchilikdan boshqa narsa emas.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Kolumbiya Daniya Gustavo Petro Grenlandiya Noqonuniy muhojirlar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing