AQSH noqonuniy migratsiya muammosini yashirishga urunmoqda – NYP

Olam

image

AQSH Prezidenti Jo Bayden ma’muriyati yaqinlashib kelayotgan prezidentlik saylovlari oldidan yaxshi imijni saqlab qolish maqsadida janubiy chegaradagi noqonuniy migratsiya muammosini yashirishga harakat qilmoqda va muxojirlar ommaviy ravishda aholi soni kam bo‘lgan shaharlarga ko‘chirilmoqda. Bu haqda o‘z manbalariga tayanib, “New York Post” xabar berdi.

Nashrning yozishicha, immigratsiya va bojxona xizmati deportatsiyani tezlashtirish buyrug‘ini olgan, chegara patruli xodimlari esa San-Diyegodan avtobuslar va samolyotlar orqali muxojirlarni ko‘proq sonli guruhlarda tashimoqda. 

Qayd etilishicha, noqonuniy muxojirlar aholi kamroq bo‘lgan Texas va Arizona chegara markazlariga yuborilmoqda. San-Diyego okrugi chegara patruli rahbari Jim Desmond bu harakatni Bayden va Harris ma’muriyatining saylovlar oldidan o‘z imijini saqlab qolishga urinish deb atagan.

Nashrning AQSH Ichki xavfsizlik vazirligidagi manbalariga ko‘ra, o‘tgan hafta bir kunda San-Diyegodagi muxojirlarni ushlab turish markazida 1,2 mingdan ortiq noqonuniy muxojirlar borligi qayd etilgan. Bu markaz esa aslida 1000 kishiga mo‘ljallangan. Muxojirlarni tashiydigan avtobuslar bir necha oydan beri qatnayotgan bo‘lsa-da, ularning soni yanada sezilarli darajada oshgan. 

“Bu barcha harakatlar San-Diyegodagi ko‘chalarga muxojirlarni chiqarishdan saqlanish uchun amalga oshirilmoqda, chunki mahalliy nohukumat tashkilotlar to‘lib ketgan va bu aholining noroziligiga sabab bo‘lishi mumkin”, deyiladi xabarda.

Nashrga ko‘ra, Janubiy chegaradagi noqonuniy migratsiya masalasi noyabr oyidagi prezidentlik saylovlari uchun eng dolzarb masalalardan biri hisoblanadi. So‘nggi uch yilda AQSH janubiy chegarasidagi noqonuniy kirishlar rekord darajalarga yetgan. Shuning uchun Jo Bayden ma’muriyati muxoliflar tomonidan tanqid qilinmoqda. So‘rovnomalarga ko‘ra, saylovchilar demokratik ma’muriyatning chegara inqirozini hal qilish borasidagi ishlaridan norozi.

Ma’lum qilinishicha, Bayden o‘zining prezidentlik davrining boshida vitse-prezident Kamola Harrisga noqonuniy migratsiya masalasini hal qilishni topshirgan. Ammo demokratik ma’muriyatning faoliyati davomida muammo rekord darajaga yetgan. Bu esa respublikachilardan prezidentlikka nomzodi Donald Trampning Harrisni tanqid qilish uchun qo‘l kelmoqda. Tanqidning yana bir sababi – Harris o‘z lavozimida bo‘lgan davrda atigi ikki marta chegaraga tashrif buyurgan. U yaqinda janubiy hududlarga tashrifi davomida migratsiya tizimini tuzatishni va’da qilgan.

Ma’lumot uchun, AQSHda prezidentlik saylovlari joriy yilning 5 noyabrida bo‘lib o‘tadi. Demokratik partiya nomidan Kamola Harris, respublikachilar nomidan esa sobiq prezident Donald Tramp prezidentlik uchun kurashadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH qonunchilariga taqdim etilgan ichki hisobotga ko‘ra, AQSH Prezidenti Jo Bayden ma’muriyati kelgusi yilda 125 000 qochqinni qabul qilish rejasini saqlab qolishi mumkinligi xabar qilingan edi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh noqonuniy migratsiya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made