AQSH Maduroning samolyotini musodara qildi
Olam
−
03 Sentabr
7422AQSH Venesuela Prezidenti Nikolas Maduroga tegishli samolyotni musodara qildi. Bu haqda BBC xabar berdi.
Qayd etilishicha, AQSH samolyotni noqonuniy yo‘llar bilan 13 million dollarga sotib olingani va mamlakatdan olib chiqib ketilganini da’vo qilmoqda.
AQSH Adliya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, Falcon 900YeX samolyoti Dominikan Respublikasida qo‘lga olingan va AQSHning Florida shtatiga o‘tkazilgan. Samolyot Dominikan Respublikasiga qanday va qachon borgani noma’lum. Kuzatuv ma’lumotlari shuni ko‘rsatdiki, u kecha, 2 sentyabr kuni poytaxt Santo Domingo yaqinidagi La Isabela aeroportidan chiqib, ko‘p o‘tmay Florida shtatidagi Fort-Loderdeyl aeroportiga yetib kelgan.
Venesuela AQSHning bu harakatlarini qoralab, bu “qaroqchilik” ekanligini aytdi. Venesuela Tashqi ishlar vaziri Ivan Gilning aytishicha, AQSH bir tomonlama va noqonuniy ravishda butun dunyo bo‘ylab qo‘llayotgan majburlov choralarini amalga oshirgan.
“Venesuela hukumati millatga yetkazilgan zararni qoplash uchun har qanday qonuniy choralar ko‘rish huquqini o‘zida saqlab qoladi”, deydi u.
AQSH rasmiylarining aytishicha, samolyot 2023 yil aprel oyida AQSHdan Qarib dengizi orqali Venesuelaga noqonuniy eksport qilingan.
Oq uy milliy xavfsizlik kengashi vakili bu harakat “Maduro Venesueladagi noto‘g‘ri boshqaruv oqibatlarini his qilishini ta’minlash uchun muhim qadam” ekanligini ta’kidlagan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq AQSH Edmundo Gonsalesni saylovda g‘olib deb tan olganini rasman e’lon qilgandi. Shuningdek, Davlat kotibi Entoni Blinken Venesueladagi siyosiy kuchlar prezidentlik vakolatlarini muxolifat yetakchilaridan biri Edmundo Gonsalesga topshirish masalasini muhokama qilishni boshlash vaqti kelganini bildirgan. Bunga javoban Venesuela Prezidenti Nikolas Maduro AQSHni mamlakat ichki ishlariga aralashmaslikka chaqirgandi.
LiveBarchasi