AQSH ko‘mak so‘ragan Panjsherga “Tolibon”ga qarshi kurashda yordam beradimi?

Olam

image
Hal qiluvchi hujum: “Tolibon” bo‘ysunmas Panjsherga so‘nggi zarbani berishga tayyorlanmoqda north_east

Hal qiluvchi hujum: “Tolibon” bo‘ysunmas Panjsherga so‘nggi zarbani berishga tayyorlanmoqda

Amerika harbiylarining Afg‘onistondagi fuqarolar to‘qnashuvida ishtirok etish imkoniyati yo‘q. Bu haqda Pentagon Matbuot kotibi Jon Kirbi ma’lum qildi.  

Kirbiga ko‘ra, faqatgina terror tahdidlarining oldini olish uchun “ufqdan tashqarida” operatsiyalar o‘tkazilishi mumkin. 

“AQSHning Afg‘onistondagi harbiy missiyasi tugadi”, degan u jurnalistlarning amerikaliklar qurolli qarshilik ko‘rsatishga urinayotgan “Tolibon” raqiblarini qo‘llab-quvvatlay oladimi, degan savoliga javoban. 

Kirbining so‘zlariga ko‘ra, AQSH 20 yillik harbiy kampaniyadan so‘ng Afg‘onistonni tark etgach, tahdidlarga javob berish uchun ufqdan tashqarida terrorga qarshi zarbalar berish huquqini o‘zida saqlab qolgan. 

“Biz buni, albatta, qilamiz, lekin bu Afg‘onistondagi uzoq muddatli harbiy missiyadan farq qiladi”, degan Kirbi. 

Ma’lumot uchun, joriy yilning may oyida AQSH boshliq xalqaro koalitsiya kuchlari Afg‘onistonni tark etishni boshlashi bilan "Tolibon" harakati hukumat nazoratidagi hududlarni egallab ola boshladi. Avgust oyiga kelib, toliblar yirik shaharlarga yurish boshladi.

Oradan ko‘p o‘tmay, joriy yilning 15 avgust kuni Qobulning “Tolibon” qo‘liga o‘tishi bilan Afg‘onistonda harakat hokimiyati o‘rnatildi. Prezident Ashraf G‘ani esa iste’fo berganini hamda mamlakatni tark etganini ma’lum qildi. Hokimiyatni "Tolibon"ga o‘tishini ta’minlash uchun Muvofiqlashtirish kengashi tuzilib, unga Abdulla Abdulla va Hamid Karzay kiritilgandi.

Joriy yilning 19 avgust kuni esa harakat rasmiy bayonot bilan chiqib, mamlakatda Islom Amirligi tuzilganini e’lon qildi. "Tolibon" vakili Vohidulla Hoshimiy harakat Afg‘onistonda demokratik davlat qurmasligini ma’lum qildi.

Qayd etish kerakki, hozirda faqatgina Panjsher viloyati toliblar hokimiyatini tan olmayapti. Viloyatda "Tolibon"ga qarshi kuchlar yig‘ilmoqda. Ularga esa mashhur "dala qo‘mondoni" Ahmad Shoh Mas’udning o‘g‘li Ahmad Mas’ud boshchilik qilyapti.

Eslatib o‘tamiz, Mas’ud AQSH va uning ittifoqchilari “jang maydoni”ni tark etganini, ammo Amerika hamon “demokratiyaning buyuk arsenali” bo‘lishi mumkinligini ta’kidlagandi.


Maqola muallifi

Teglar

Afg'oniston AQSh Tolibon

Baholaganlar

327

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing