AQSH kosmosdagi janglarga tayyorgarlik ko‘rmoqchi
Olam
−
16:04 691 2 daqiqa
Amerika harbiylari nafaqat Yer orbitasida, balki Oy atrofida ham harbiy harakatlar olib borishga tayyorlanishi kerak. Bu haqda kecha, 16 sentyabr kuni Air, Space and Cyber konferensiyasida AQSH Prezidenti Donald Trampning bosh harbiy maslahatchisi, Shtab boshliqlari birlashgan qo‘mitasi rahbari general Den Keyn ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakat qurolli kuchlari “dengiz tubidan tortib Oy atrofidagi fazogacha” bo‘lgan so‘nggi nuqtalarda “jang qilishga, bardosh berishga va g‘alaba qozonishga” tayyor bo‘lishi lozim.
AQSH Kosmik kuchlari qo‘mondoni general-leytenant Gregori Ganon insoniyat “kosmosga yanada chuqurroq kirib borayotganini” va amerikalik harbiylarning vazifasi “AQSH manfaatlarini himoya qilish” ekanini alohida ta’kidlagan.
“XXR kabi bizning ehtimoliy raqiblarimiz kosmosning ba’zi qismlarida faol faoliyat olib bormoqda”, deydi Ganon.
U, shuningdek, keyingi besh yil ichida Kosmik kuchlar shaxsiy tarkibi 25 ming harbiy xizmatchigacha oshirilishi mumkinligini qo‘shimcha qilgan. Amerikalik harbiylarning ushbu bayonotlari AQSH tomonidan fazoga kosmik qurol chiqarilgani tasdiqlanganidan bir necha kun o‘tib yangradi.
Ma’lumot uchun, Kosmik kuchlar – AQSH armiyasidagi yangi qo‘shin turi hisoblanadi. Ular 2019 yilda Trampning birinchi prezidentlik muddati davrida tashkil etilgan. Xitoy esa kosmosdagi inqirozli vaziyatlarga javob qaytarish uchun 2024 yilda o‘z harbiy kosmik bo‘linmalarini tuzgan. Amerika qurolining kosmosga chiqarilishiga javoban XXR Tashqi ishlar vazirligi Pekin “kosmik fazoda qurol joylashtirish, militarizatsiya va qurollanish poygasiga qarshi” ekanini ma’lum qildi.
“Associated Press”ning qayd etishicha, amerikalik harbiylarning kosmosda harbiy harakatlarga tayyorgarlik ko‘rish haqidagi bayonotlari fazodan foydalanish bo‘yicha xalqaro konvensiyalar va kelishuvlarga zid. Xususan, AQSH va Xitoy tomonidan 1967 yilda imzolangan Kosmos to‘g‘risidagi shartnoma Oy va boshqa samoviy jismlardan “faqat tinchlik maqsadlarida” foydalanishni to‘g‘ridan to‘g‘ri nazarda tutadi. Hujjat, shuningdek, kosmosda yadroviy va ommaviy qirg‘in qurollarini joylashtirishni taqiqlaydi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH kosmik hududni nazorat qilish uchun Yer orbitasiga qurol joylashtirganini ilk bor rasman e’lon qilgandi.
Live
Barchasi