AQSH kosmosga doir maxfiy ma’lumotni ochiqladi
Olam
−
12:23 372 2 daqiqa
AQSH kosmik hududni nazorat qilish uchun Yer orbitasiga qurol joylashtirganini ilk bor rasman e’lon qildi. Bu haqda AQSH Harbiy-havo kuchlari vaziri Troy Meynk ma’lum qildi.
Meynkning aytishicha, AQSH o‘z qurolli kuchlarini raqiblarning dushmanona harakatlaridan himoya qilishga qodir bo‘lgan orbitadagi qurollariga ega.
“Biz tahdidlar qayerda paydo bo‘lishidan qat’i nazar, o‘zgarib borayotgan xavflarga tayyorgarlikni ta’minlashda davom etmoqdamiz. Shu sababli AQSH hozirda kosmik hududni nazorat qilishga mo‘ljallangan va qurolli kuchlarimizni raqiblarning dushmanona harakatlaridan himoya qila oladigan orbitaga joylashtirilgan qurolga ega”, degan Meynk AQSH Havo va kosmik kuchlar assotsiatsiyasi konferensiyasida.
“Air & Space Forces Magazine” nashrining qayd etishicha, bu AQSH rasmiylari mamlakatda orbitaga joylashtirilgan kosmik qurol mavjudligini birinchi marta ochiq ma’lum qilishi hisoblanadi.
Meynk o‘z bayonotini puxta o‘ylanganini va undagi so‘zlar juda ehtiyotkorlik bilan tanlanganini ta’kidlagan. Biroq u orbitaga joylashtirilgan qurolning aynan qanday ko‘rinishda ekani va uning imkoniyatlari haqida batafsil ma’lumot berishdan bosh tortgan.
“Men bilishimcha, avval birorta amerikalik bunday rasmiy bayonot bermagan. Endi AQSH xitoyliklar va rossiyaliklar ham xuddi shunday ish tutishi yoki bayonot berishiga ko‘nikishiga to‘g‘ri keladi. Bu AQSH milliy xavfsizligi manfaatlariga mos keladi, deb o‘ylamayman”, degan Kosmik xavfsizlik bo‘yicha ekspert Viktoriya Semson “Defence One” nashriga bergan intervyusida.
AQSH kosmosga aynan qanday qurollarni joylashtirgan bo‘lishi mumkinligi haqidagi savolga javob berar ekan, Semson bu kinetik qurol emas, balki kosmik radioelektron kurash vositalari bo‘lishi mumkinligini taxmin qilgan.
Ma’lumot uchun, 2024 yilda AQSH Rossiyaning boshqa sun’iy yo‘ldoshlarga hujum qilish imkoniyatiga ega bo‘lgan sun’iy yo‘ldoshni kosmosga joylashtirganini ma’lum qilgandi. O‘sha paytda Vashington Moskvaning yadro zaryadini olib yuruvchi sun’iy yo‘ldoshni ham kosmosga chiqarishni rejalashtirayotgani haqida ogohlantirgan.
Rossiya bu xabarlarni “hiyla” deb atagan. Shu bilan birga, Moskva BMT Xavfsizlik kengashida kosmosga yadro qurolini joylashtirmaslik to‘g‘risidagi rezolyutsiya qabul qilinishiga to‘sqinlik qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xitoy harbiylari Starlink sun’iy yo‘ldoshlarini yo‘q qilish salohiyatiga ega bo‘lgan impulsli qurol ishlab chiqqandi.
Live
Barchasi