AQSH Xomanaiy va o‘g‘lini yo‘q qilmoqchi – OAV
Olam
−
21 fevral 7001 2 daqiqa
AQSH Eron bo‘yicha turli rejalarni ko‘rib chiqmoqda. Ulardan biri – Eron Oliy rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiy va uning o‘g‘li Mujtabo Xomanaiyni yo‘q qilishdir. Bu haqda Donald Trampning yuqori lavozimli maslahatchilaridan biri “Axios” nashriga bergan intervyusida aytib o‘tdi.
Manbaning aytishicha, “har qanday holat” uchun reja bor. Lekin Prezident qaysi yo‘lni tanlashi hozircha noma’lum. Yana bir manba bu reja bir necha hafta oldin Trampga taqdim etilganini tasdiqlagan.
Shu bilan birga, AQSH ma’muriyati Eronga juda cheklangan, ramziy darajada uran boyitishga ruxsat berish variantini ham ko‘rib chiqishi mumkin. Ammo bu holatda atom bombasi yaratish imkoni mutlaqo qolmasligi shart qilib qo‘yilmoqda.
AQSH rasmiylariga ko‘ra, Eronning taklifi juda ishonchli bo‘lishi kerak, chunki Tramp ma’muriyati ichida ham, mintaqada ham bu masalaga shubha bilan qarayotganlar ko‘p. Ularning aytishicha, agar Eron hujumni oldini olmoqchi bo‘lsa, AQSHni qoniqtiradigan jiddiy taklif berishi kerak.
AQSH va Isroil rasmiylari ham Tramp yaqin kunlarda zarba berish masalasini ko‘rib chiqishi mumkinligini bildirgan.
So‘nggi oylarda AQSH va Eron munosabatlari yanada taranglashgan. Biroq fevral oyida tomonlar yadroviy dastur bo‘yicha muloqotni tikladi. 17 fevral kuni Jenevada muzokaralarning navbatdagi bosqichi yakunlangan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, AQSH maxsus vakili Stiv Uitkoff va Trampning kuyovi Jared Kushner Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchiga Vashington pozitsiyasi “nol darajada boyitish” ekanini aytgan. Ammo ayrim holatlarda juda kichik, ramziy boyitishga oid taklif bo‘lsa, AQSH uni ko‘rib chiqishi mumkin.
Vositachilar Ummon va Qatar esa ehtimoliy kelishuv har ikki tomon o‘zini g‘olib deb ko‘rsata oladigan darajada bo‘lishi kerakligini ta’kidlagan.
Ayni paytda, ayrim rasmiylar Jenevadagi muzokaralarni samarasiz deb baholagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eron bilan munosabatlar keskinlashgani fonida Vashington Yaqin Sharqqa katta harbiy kuch yuborgani haqida xabar berilgandi.