AQSH Eron qirg‘oqlari yaqinida yirik texnikalarini to‘pladi

Olam

image

Eron bilan munosabatlar keskinlashgani fonida Vashington Yaqin Sharqqa katta harbiy kuch yuboryapti. Bu haqda “Bloomberg” xabar berdi.

Unga ko‘ra, bu so‘nggi 20 yil ichida mintaqadagi eng katta Amerika harbiy guruhi hisoblanadi.

Hozir u yerda kamida ikkita avianosets bor. Yanvardan beri Arab dengizida USS Abraham Lincoln avianosetsi va boshqariluvchi raketali esminetslar turibdi. Yaqinda esa AQSH eng yirik avianosetsi – Gerald R. Ford’ni ham qo‘shimcha kemalar bilan birga jo‘natdi.

Kuzatuv xizmati “Flightradar24” ma’lumotlariga ko‘ra, Amerika harbiy transport samolyotlari, yoqilg‘i quyish samolyotlari va razvedka samolyotlari qatnovi keskin oshgan. Ular Qatar, Iordaniya, Krit oroli va Ispaniyadagi bazalarga uchmoqda. Jumladan, og‘ir harbiy texnikani tashishda ishlatiladigan C-130J Super Hercules samolyotlari ham yuborilgan.

Nashr bu kuchlarni 2003 yilda, AQSH Iroqqa bostirib kirishidan oldingi to‘plangan kuchlar bilan taqqoslamoqda. Lekin hozircha Amerika quruqlik qo‘shinlarini kiritish niyatida emas. OAVning yozishicha, Donald Tramp Eronni tezroq yadroviy kelishuvga majbur qilish uchun zarba berish imkonini ko‘rib chiqmoqda.

Tramp yaqinda Eronni kelishuvni cho‘zsa, juda yomon oqibatlar bo‘lishi bilan ogohlantirdi. U Tehronga 10–15 kunlik muddat bergan. Ayni paytda u muzokaralar yaxshi ketayotganini aytgan, lekin shu muddat ichida aniq kelishuvga erishishni talab qilgan.

Shu hafta Jenevada Eron va AQSH o‘rtasida bilvosita muzokaralarning ikkinchi bosqichi bo‘lib o‘tdi. Tomonlar ehtimoliy yadroviy kelishuvning “asosiy tamoyillari” bo‘yicha kelishib olgani aytilmoqda.

Xabarlarga ko‘ra, Eron uranni boyitishni uch yilgacha to‘xtatib turish, zaxiralarning bir qismini chet elga chiqarish va sanksiyalar bekor qilinsa, AQSH bilan iqtisodiy kelishuvlarni muhokama qilishga tayyorligini bildirgan. Ammo Tehron boyitish jarayonini o‘z hududida saqlab qolishni istayapti, Vashington esa bunga qarshi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eron yaqin ikki-uch kun ichida yadroviy muzokaralar bo‘yicha AQSHga taklif loyihasini tayyorlashi haqida xabar berilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Eron USS Abraham Lincoln

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing