AQSH Xitoydan Tramp va Szinpin uchrashuvini kechiktirishni so‘radi
Olam
−
13:59 1188 1 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp Xitoydan XXR Raisi Si Szinpin bilan uchrashuvini bir oyga qoldirishni so‘radi. Trampning Xitoyga tashrifi 31 mart – 2 aprel kunlariga rejalashtirilgan edi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
“Biz uni taxminan bir oyga kechiktirishni so‘radik”, deydi Tramp jurnalistlarga.
Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Levittning so‘zlariga ko‘ra, Tramp Erondagi harbiy operatsiyani nazorat qilish zarurati tufayli uchrashuvni ko‘chirishni so‘ragan.
“Prezident Xitoyga tashrifni intizorlik bilan kutmoqda. Sanalar o‘zgarishi mumkin. Oliy bosh qo‘mondon sifatida hozirda uning birinchi galdagi vazifasi – ushbu operatsiyaning keyingi muvaffaqiyatini ta’minlashdir”, deydi u.
Kecha, 16 mart kuni AQSH Prezidenti Pekinni Hormuz bo‘g‘ozi masalasida Vashingtonga yordam berishga chaqirdi, chunki XXR o‘z neftining 90 foizini aynan shu dengiz koridori orqali amalga oshiriladigan yetkazib berishlardan oladi. Tramp Pekinga tashrifi rejalashtirilgan sanagacha Xitoyning ushbu chaqiriqqa javobini olishni istayotganini bildirdi va uchrashuv ko‘chirilishi mumkinligini ta’kidladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tramp jahon yetakchilarini Hormuz bo‘g‘ozini qo‘riqlashda ishtirok etishga chaqirgandi. Shuningdek, Amerika yetakchisi Xitoy, Buyuk Britaniya, Fransiya, Yaponiya va Janubiy Koreyaga murojaat qilib, ushbu strategik suv yo‘lida birgalikda patrullik qilish uchun harbiy kemalarini yuborishga undagan edi.
Live
Barchasi