AQSH Xitoy kompaniyalariga sanksiya kiritdi. Bunga Xitoy nima deydi?
Olam
−
10 mart 2023
10758Amerika Qo‘shma Shtatlari Xitoyga tegishli beshta kompaniyani Eronga uchuvchisiz uchish apparatlarini ishlab chiqarishda yordam berishda ayblab, ularga qarshi sanksiya kiritdi. Bunga esa Xitoy keskin norozilik bildirdi. Bu haqda Xitoy Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Mao Ning bugun, 10 mart kuni bo‘lib o‘tgan brifingda ma’lum qildi.
“AQSHning bir tomonlama sanksiyalari xalqaro huquq va xalqaro munosabatlarning asosiy me’yorlarini buzadi. Xitoy bunga doimo keskin qarshilik ko‘rsatgan. Pekin qonunga muvofiq Xitoy kompaniyalarining huquq va manfaatlarini qat’iy himoya qilishda davom etadi”, deydi Mao Ning.
Ma’lum bo‘lishicha, AQSH rasmiylari Eronni dron ishlab chiqarish va xarid qilishda qo‘llab-quvvatlashga aloqador bo‘lgan beshta yuridik va bir jismoniy shaxsga nisbatan sanksiyalar kiritgan. Sanksiyalar qo‘llangan kompaniyalar Xitoyda joylashgan bo‘lib, ular aerokosmika sanoati uchun minglab qismlarni, jumladan, dronlar ilovalari uchun ishlatilishi mumkin bo‘lgan qismlarni sotish va jo‘natish uchun javobgar deb topilgan. KOTO Machinery, Guilin Alpha Rubber & Plastics Technology, S&C Trade PTY va uning xodimlaridan biri, Shenzhen Caspro Technology, shuningdek, Gonkongdagi Raven International kompaniyalari cheklovlarga duchor bo‘lgan.