AQSH Kanadaga ham bojlarni bir oyga muzlatdi

Olam

image

Kanada Bosh vaziri Jastin Tryudo AQSH Prezidenti Donald Tramp bilan telefon orqali muzokara o‘tkazib, AQSH tomonidan joriy etilishi rejalashtirilgan bojxona to‘lovlarini kamida 30 kunga to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Bu haqda Tryudo o‘zining X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida ma’lum qildi.

“Men hozirgina AQSH Prezidenti Donald Tramp bilan yaxshi suhbat o‘tkazdim. Taklif etilgan tariflarning joriy etilishi kamida 30 kunga to‘xtatiladi. Kanada qiymati 1,3 milliard dollar bo‘lgan chegara xavfsizligi bo‘yicha rejamizni amalga oshirmoqda – biz chegarani yangi vertolyotlar, texnologiyalar va kadrlar bilan mustahkamlash, AQSHdagi hamkorlarimiz bilan hamkorlikni yaxshilash hamda narkotik oqimini to‘xtatish uchun resurslarni oshirish ustida ishlayapmiz”, deb yozdi Tryudo muzokaradan so‘ng.

Ma’lumot uchun, oldinroq Donald Tramp AQSHning “hech qanday sababsiz” Kanadaga yuzlab milliard dollarlab subsidiya ajratayotganini ta’kidlab, Kanada hukumatini soliqlarni pasaytirishga va mudofaa sohasiga ko‘proq sarmoya kiritishga chaqirgandi.

Qayd etish joiz, 1 fevral kuni Donald Tramp Meksika va Kanadadan olib kelinadigan mahsulotlarga 25 foiz, Xitoydan import qilinadigan mahsulotlarga esa 10 foiz bojlarni joriy etish haqidagi farmonni imzolagandi. Kanadadan import qilinadigan energiya resurslariga qo‘llaniladigan bojxona bojlari 10 foizni tashkil etardi. Ushbu tariflar Kanada neft, gaz va elektr energiyasini o‘z ichiga olgan barcha energetika tarmog‘iga taalluqli bo‘lishi kerak. 2 fevral kuni esa Kanada hukumati AQSH harakatlariga javoban bugun, 4 fevraldan boshlab AQSH mahsulotlariga ham 25 foiz bojxona bojlarini joriy etishni va bu chora go‘sht, sut va sut mahsulotlari, meva, sabzavot hamda alkogolli ichimliklarni qamrab olishini ma’lum qilgan edi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Meksika hukumati shimoliy – AQSH bilan chegaraga qo‘shimcha ravishda 10 ming nafardan ortiq Milliy gvardiya askarlarini yuborishi evaziga AQSH tomonidan Meksika mahsulotlariga nisbatan joriy etilgan bojxona tariflarining amal qilishi bir oyga to‘xtatilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Kanada

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing