AQSH qo‘shinlarining bir qismini Afg‘onistonda qoldiradi — OAV

Olam

image

Rasmiy Vashington Afg‘onistondagi qo‘shinlarining asosiy qismi olib chiqib ketilgandan so‘ng, taxminan 650 nafar askarini qoldiradi. Bu haqda kecha, 24 iyun kuni “The Associated Press” nashri rasmiy manbasiga asoslanib xabar berdi.

Qayd etilishicha, AQSH armiyasining asosiy qismi olib chiqib ketilgandan so‘ng, diplomatlarning xavfsizligini ta’minlash uchun taxminan 650 nafar AQSH harbiylari Afg‘onistonda qolishi kutilmoqda. Bundan tashqari, bir necha yuzlab AQSH harbiylari Kobul aeroportida Turkiya kuchlariga xavfsizlikni saqlashda yordam berish uchun ehtimol sentyabrgacha qoladi. Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, bu Turkiya rasmiy ravishda Kobul aeroportida xavfsizlikni ta’minlash operatsiyasini o‘tkazmagunga qadar vaqtinchalik chora bo‘ladi.

Manbaga ko‘ra, AQSH va xalqaro kuchlarning asosiy qismi Afg‘onistonni joriy yilning 4 iyuliga qadar yoki undan ko‘p o‘tmay tar etadi.

Eslatib o‘tamiz, Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an va AQSH Prezidenti Jo Bayden Bryusselda o‘tan ilk ikki tomonlama uchrashuvda Afg‘onistondan NATO kuchlari chiqarilgandan keyin rasmiy Anqara Hamid Karzay nomidagi Kobul xalqaro aeroporti xavfsizligini ta’minlashda yetakchi rol o‘ynashi borasida kelishib olgandi.

Faollashib qolgan “Tolibon”

Qayd etish kerakki, AQSH o‘z qo‘shinlarini Afg‘onistondan olib chiqishni boshlagandan beri “Tolibon” keskin harakat qilmoqda. Tasdiqlangan ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi o‘n kun ichida Afg‘onistonning Tojikiston bilan chegaradosh to‘rt viloyatida hukumat kuchlari va “Tolibon” o‘rtasida to‘qnashuvlar bo‘lgan.

Natijada Tahor viloyatining Chaheb, Yangi Kal’a, Darkad, Dashti Qal’a, Xojag‘or tumanlari, Qunduz viloyatining Dashti Archi, Imom Sohib va Qal’ai Zol tumanlari, shuningdek Sherxon-Bandar va Kokul nazorat punktlari “Tolibon” nazorati ostiga o‘tdi. BMT ma’lumotiga ko‘ra, 22 iyun holatiga Afg‘onistonning 50 dan ortiq tumanini egallagan. 

So‘nggi kunlarda toliblar bilan janglarda og‘ir zarbaga uchragan afg‘on qo‘shinlarining qo‘shni respublikalar hududiga qochib o‘tish holatlari kuzatildi. Jumladan, joriy yilning 22 iyun kuni 130 dan ortiq afg‘on harbiylari chegaradosh Tojikistonga, 23 iyun kuni esa ularning 53 nafari O‘zbekistonga qochib o‘tgan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning may oyida AQSH Afg‘onistondan o‘z qo‘shinlarini olib chiqish ishlarini boshlab yubordi. Shu vaqtgacha Amerika o‘z harbiy kontingentining uchdan bir qismini bu mamlakatdan olib chiqib ketdi.  

Ma’lumot o‘rnida, 2020 yil fevral oyi oxirida AQSH va “Tolibon” tinchlik shartnomasini imzoladi. Kelishuvga ko‘ra, Amerika qo‘shinlari shartnoma tuzilganidan 14 oy o‘tgach, aniqrog‘i 2021 yilning mayigacha Afg‘onistonni tark etishi kerak edi. Biroq bu jarayonning “start” olishi biroz kechikdi.

Joriy yilning 14 aprel kuni Prezident Jo Bayden AQSHning Afg‘onistondagi missiyasi yakunlanganini va 1 maydan boshlab ushbu mamlakatdan qo‘shinlarini olib chiqishni boshlashini e’lon qildi. Unga ko‘ra, qo‘shinlarni olib chiqib ketish 11 sentyabrgacha yakunlanishi kerak.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh NATO Turkiya Kobul Vashington Bayden

Baholaganlar

131

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing