AQSH Qoraqalpog‘istonga gumanitar yordam yubordi

Jamiyat

image

O‘zbekistonning AQSHdagi elchisi Javlon Vahobov boshchiligida o‘zbek diplomatlari Vashington shtatining Sietl shahrida Qoraqalpog‘iston aholisi uchun Amerikaning “Project C.U.R.E.”  kompaniyasi tomonidan  tashkil etilgan  xayriya loyihasi doirasida birinchi gumanitar yordamni yuborish marosimida qatnashdi.

Elchixona ma’lumotiga ko‘ra, tadbirda “Boeing” kompaniyasi vitse-prezidenti Monta Freyzer, “Project C.U.R.E.” nodavlat tashkiloti prezidenti Duglas Jekson va ushbu NNTning xorijiy hukumatlar bilan ishlash bo‘yicha direktori Melisa Esposti ishtirok etgan.

Mazkur tadbir Qoraqalpog‘istonga gumanitar yordam tashkil qilish doirasida “Project C.U.R.E.” va “Boeing” bilan hamkorlikda uyushtirilgan. Yuk tarkibini qiymati 3 million dollarlik tibbiyot buyumlari va jihozlari, sun’iy shamollatish moslamalarini o‘z ichiga olgan 40 futlik o‘nta konteyner tashkil qilgan. Kelishuvlar 2019 yilda elchixona rahbari va “Project C.U.R.E.” prezidenti Duglas Jekson bilan tashkilotning Vest-Gruve (Pensilvaniya) va Xyuston (Texas) shaharlaridagi omborlariga tashrif chog‘ida erishilgan edi.

Qoraqalpog‘iston sog‘liqni saqlash vazirligi so‘roviga binoan “Project C.U.R.E.” tomonidan Sietlda shakllantirilgan gumanitar yukning birinchi jo‘natmasi qariyb 6 tonnaga teng. Ushbu yukni Kanzas-sitidan Sietlga (3 ming kilometr) Pensilvaniya shtatidagi o‘zbeklar diasporasi faollaridan biri, logistika kompaniyasi asoschisi Ahmadjon Odilov beg‘araz amalga oshirdi. Bundan tashqari, AQSHdagi vatandoshlar tomonidan asos solingan “Give to Get International” xayriya tashkiloti ko‘magida mustaqil ekspertlarning Qoraqalpog‘istondagi tibbiyot muassasalarining ehtiyojlarini baholash bo‘yicha xarajatlari to‘landi.

Shuningdek, Monta Freyzer “Boeing”ning O‘zbekiston bilan strategik hamkorlikni davom ettirishga sodiqligini tasdiqlagan holda “Project C.U.R.E.” loyihasiga  100 ming dollar miqdoridagi chek topshirdi.  Ushbu mablag‘ Orolbo‘yi aholisi uchun navbatdagi gumanitar yordamni yetkazishni moliyalashtirish uchun ishlatiladi.

Gumanitar yordam bugun, 5 may kuni Toshkentdan Nukus shahriga yetkaziladi. Tibbiy jihozlar bilan ta’minlangan navbatdagi to‘rtta konteynerdagi insonparvarlik yuki yoz fasli oxiriga qadar Orolbo‘yi mintaqasiga yuboriladi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Qoraqalpog'iston Orolbo'yi

Baholaganlar

350

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing