AQSH Qatardan Isroil va “Hizbulloh” o‘rtasida vositachilik qilishni so‘radi

Olam

image

Qo‘shma Shtatlar Qatardan Livandagi “Hizbulloh” va Isroil o‘rtasidagi ziddiyatni hal qilishda yordam so‘radi. Bu haqda manbalariga tayanib, “The Washington Post” xabar berdi.

Ularning so‘zlariga ko‘ra, Isroil va HAMAS o‘rtasida G‘azo sektorida sulh tuzish bo‘yicha muzokaralarda vositachilik qilgan Qatar, Bayden ma’muriyatidan Isroil-Livan chegarasida “Hizbulloh” va Isroil o‘rtasidagi taranglikni kamaytirishga yordam berish so‘rovini olgan.

“Hizbulloh” vakilining gazetaga aytishicha, G‘azo sektorida vaqtinchalik o‘t ochishni to‘xtatish bo‘lsa, noyabr oyida G‘azoda bir haftalik tanaffus paytida bo‘lgani kabi guruh Livanda ham javob qaytaradi. Shu bilan birga, u G‘azodagi urush butunlay tugamaguncha “Hizbulloh” kengroq kelishuvga rozi bo‘lmasligini ta’kidladi.

Isroil Mudofaa vaziri Yoav Galant va Amerika rasmiylari o‘rtasidagi shaxsiy uchrashuvlardan birida ishtirok etgan mulozimning aytishicha, Mudofaa vazirligi rahbari Eron va “Hizbulloh” Isroilga tahdid solayotganini aytgan.

“Galant Eron to‘satdan Isroilni yo‘q qilish uchun keng ko‘lamli urush boshlashi mumkin degan fikrni bildirdi, bu mubolag‘a va Amerika razvedka ma’lumotlariga to‘g‘ri kelmaydi", deb yozadi gazeta rasmiyning so‘zlaridan iqtibos keltirgan holda.

“The Wall Street Journal” nashrining Bayden ma’muriyati rasmiylaridan biriga tayanib yozishicha,  “Hizbulloh” Isroil kuchlari G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatmaguncha, jangovar harakatlarni to‘xtatish niyatida emas.

NBC suhbatdoshlari esa Vashingtonda Isroil yaqin haftalarda Livanga quruqlikdan hujum boshlashi mumkinligidan xavotir bildirdi. Ularga ko‘ra, Isroil rasmiylari Vashington bosimiga qaramay, Livanga hujum qilish rejalaridan voz kechmayapti.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing