AQSH qat’iy talab qo‘ydi: “Tolibon” hujumni to‘xtatmasa...
Olam
−
26 iyul 2021
26315“Tolibon” harakati Afg‘oniston hududlariga hujumlarni to‘xtatmasa, AQSH ularga aviazarba berishda davom etadi. Bu haqda “Interfaks” nashri xabar bermoqda.
AQSH Qurolli kuchlari Markaziy qo‘mondonligi rahbari Kennet Makkenziyning ta’kidlashicha, agar “Tolibon” harakati hujumlarni to‘xtatmasa, AQSH Harbiy-havo kuchlari Afg‘oniston qo‘shinlariga havodan jadal yordam berishda davom etaveradi.
“Ochiqchasiga ogohlantirishni istardimki, shu kunlarda Afg‘oniston hukumati qiyin sinovlarga duch keladi. “Tolibon” o‘zlarining g‘alabasi muqarrarligini ko‘rsatmoqchi, biroq ular adashadi”, deya qo‘shimcha qildi Makkenziy.
Ma’lumot o‘rnida, AQSH Afg‘onistondan o‘z kontingentini olib chiqib ketayotgan vaqtda Afg‘oniston armiyasiga yordam berish maqsadida “Tolibon”ga bir necha marotaba aviazarbalar bergan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq, AQSH harbiylari Afg‘onistonda “Tolibon”ga qarshi kurashayotgan hukumat kuchlarini qo‘llab-quvvatlash uchun bir necha marta havo hujumlarini uyushtirgandi.
Hujumlar strategik ahamiyatga ega hisoblangan Afg‘onistonning Qandahor viloyatiga qaratilgan. AQSH Mudofaa vazirligi vakilining so‘zlariga ko‘ra, havo hujumining aksariyati dronlar yordamida amalga oshirilgan. Ular “Tolibon” harakati tomonidan Afg‘oniston Milliy mudofaasi va Xavfsizlik kuchlaridan tortib olingan harbiy texnikani nishonga olgan.
Faollashgan “Tolibon” va Afg‘onistondagi keskinlik
Afg‘onistondagi xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat joriy yilning aprelida AQSH Prezidenti Jo Baydenning respublikada Amerika qurolli kuchlarining operatsiyasi yakuniga yetganini e’lon qilganidan so‘ng, ancha yomonlashdi.
Joriy yilning 13 iyul holatiga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar o‘z qo‘shinlarining 95 foizidan ko‘prog‘ini Afg‘onistondan olib chiqib ketib bo‘ldi. Bu jarayon 31 avgustga qadar yakunlanishi kutilmoqda. Shtatlar kabi NATOning boshqa a’zolari ham Afg‘onistonni tark etmoqda. Jumladan, Italiya, Avstraliya va Germaniya kuchlari, allaqachon, mamlakatdan chiqib ketgan.
Xorijiy qo‘shinlarning Afg‘onistonni tark etishi fonida “Tolibon” harakati mamlakat hududlari ustidan nazoratni o‘rnatish maqsadida hujumlarni kuchaytirmoqda. Toliblarning ta’kidlashicha, ular ayni paytda Afg‘onistonning 85 foizini nazorat qilmoqda. Bundan tashqari, harakat kuchlari bir qator qo‘shni davlatlar — Turkmaniston, Tojikiston, Eron va Pokiston bilan chegarada joylashgan nazorat punktlarini ham egallab olgan. Shunday bo‘lsa-da, harakat vakillari Afg‘onistondan tashqariga chiqmasliklarini va qo‘shni davlatlarga xavf solmasliklarini qayta va qayta ta’kidlamoqda.
LiveBarchasi