AQSH Isroilning G‘azodagi hujumini qo‘llab-quvvatladi
Olam
−
16 Sentabr 2025 4709 2 daqiqa
AQSH Davlat kotibi Marko Rubio Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxuga Vashington Isroilning G‘azodagi hujumini qo‘llab-quvvatlashi, biroq uni tez va qisqa muddatda yakunlash kerakligini bildirgan. Bu haqda Rubio kecha, 15 sentyabr kuni Isroil rahbariyati bilan uchrashuvida so‘z ochgan.
“Rubio Netanyaxuga Tramp ma’muriyati Isroilning quruqlikdagi operatsiyasini qo‘llab-quvvatlashi, biroq uning tezkor amalga oshirilishini aytdi”, deyiladi “Axios” xabarida.
Shu bilan birga, amerikalik rasmiylardan biri Qo‘shma Shtatlar Isroilni to‘xtatmasligini va qarorni o‘zi qabul qilishiga imkon berishini ta’kidlagan.
“Bu Trampning urushi emas, bu Netanyaxuning urushi va bundan keyingi barcha oqibatlar uchun u javobgar bo‘ladi”, degan rasmiylardan biri.
Nashrning yozishicha, so‘nggi haftalarda Isroil mudofaa armiyasi G‘azoga hujumlarni kuchaytirib, shaharda yashovchi falastinliklarni janubga ko‘chishga da’vat etmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, G‘azoda yashovchi 1 million aholining 300 mingga yaqini G‘azoni tark etgan.
Falastinlik rasmiylar “Al Jazeera” nashriga G‘azoga qilingan havo hujumlari haqida xabar bergan. Nashrning yozishicha, shaharga tanklar kiritilgan. Ma’lumotga ko‘ra, zarbalar nafaqat G‘azoda, balki Isroilning markazida ham eshitilgan. Bu esa hududga uyushtirilayotgan zarbalarning naqadar kuchli ekanini yaqqol ko‘rsatib beradi.
OAVning yozishicha, Isroil armiyasi 20 daqiqa ichida 37 marta zarba bergan, ulardan ayrimlari jangovar vertolyotlardan amalga oshirilgan.
G‘azoni bosib olish qarori avgust oyi boshida qabul qilingan edi. Biroq ayrim yuqori lavozimli isroillik harbiylar, jumladan, Bosh shtab boshlig‘i Eyal Zamir bunga qarshi chiqqan, keyinchalik esa reja amalga oshirilishini ma’qullagan.
Armiya ma’lumotiga ko‘ra, Isroil qo‘shinlari shahar chekkalarini allaqachon nazoratga olgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Davlat kotibi Marko Rubio Qatarga berilgan zarbadan so‘ng Isroilga borgandi. Tashrif davomida Rubio Isroilning Qatardagi HAMAS qarorgohiga bergan zarbalaridan Oq uy norozi ekanini bildirgan.
Live
Barchasi