AQSH Isroilni “Hizbulloh” bilan urushdan qaytaryapti

Olam

image

Amerika Qo‘shma Shtatlari Isroilga “Hizbulloh”ga qarshi urush boshlamaslik uchun bosim o‘tkazmoqda. Bu haqda ismi oshkor etilmagan Isroil hukumati amaldoriga tayanib, “The Times of Israel” xabar berdi.

Qayd etilishicha, Oq uy janglar blokadadagi G‘azo sektoridan tashqariga ham tarqalishining oldini olishga harakat qilmoqda.

Nashr suhbatdoshiga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar shaxsiy uchrashuvlarda va ommaviy chiqishlarda “Hizbulloh” va Eronni Isroilning shimoliy frontida urush boshlamaslik haqida ogohlantirgan.

“Shuningdek, AQSH Isroilni “Hizbulloh” hujumlariga javob berishda ehtiyot bo‘lishga chaqirmoqda”, deydi manbalar. 

Bildirilishicha, Vashington Isroil armiyasining Livandagi xatosi kattaroq urushga olib kelishi mumkinligini ta’kidlagan.

Ogohlantirishlarga qaramasdan Isroil Livandagi “Hizbulloh”ga tegishli ob’ektlarga hujum qilishda davom etmoqda. Xususan, bugun, 19 oktyabr kuni ham Isroil armiyasi Livan bilan chegarada “Hizbulloh” nishonlariga zarba bergani haqida xabar berildi.

“Bir kun avval Isroil chegarasi Livan tomonidan o‘qqa tutilgan edi. Bunga javoban Isroil armiyasi Hizbulloh pozitsiyalariga, jumladan, Livan harakati kuzatuv punktiga zarbalar berdi”, deyiladi Isroil armiyasi bayonotida.

Ayni paytda  Isroil bilan to‘qnashuvlarda “Hizbulloh”ning ikki a’zosi halok bo‘lgani aytilmoqda.

“Taha Abbos va Ali Muhammad Mermer Livan janubidagi Aytarun hududida isroillik kuchlar bilan to‘qnashuvlar chog‘ida halok bo‘ldi”, deyilgan “Hizbulloh” bayonotida.

Ma’lumot uchun, Isroil-Livan chegarasidagi vaziyat Isroilning blokadadagi G‘azo sektoriga keng ko‘lamli harbiy amaliyotlari fonida yomonlashgan. So‘nggi paytlarda chegaraning bu qismi Isroil armiyasi va “Hizbulloh” o‘rtasidagi o‘zaro hujumlar sahnasiga aylangan. 8 oktyabrdan beri “Hizbulloh”ning Livan-Isroil chegarasida yo‘qotishlari 12 kishini tashkil qilgan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 9 oktyabr kuni ham Isroil harbiy vertolyotlari Livan hududiga hujum uyushtirgan. 13 oktyabr kuni Eron Tashqi ishlar vaziri Husayn Amir Abdullohiyon Bayrutda “Hizbulloh” yetakchisi Shayx Hasan Nasrulloh bilan uchrashib, Falastin-Isroil mojaro zonasidagi vaziyatni muhokama qilgan. Aynan shu kuni Nasrullohning o‘rinbosari Nayim Qosim “Hizbulloh” jangchilari HAMASga qo‘shilib, Isroilga qarshi jangga kirishi mumkinligini aytdi. Ertasi kuni Isroil mudofaa kuchlari Livanning janubidagi “Hizbulloh” pozitsiyalariga yana zarba berdi. Xalqaro inson huquqlari tashkiloti Human Rights Watch Isroil Livan va G‘azo sektoriga qarshi harbiy amaliyotlar chog‘ida oq fosfor ishlatganini ma’lum qildi. Ziddiyatli to‘qnashuvlar fonida Livan janubidagi En-Nakura shahridagi BMT tinchlikparvar missiyasi qarorgohiga raketa kelib tushdi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Isroil Hizbulloh

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing