AQSH Isroilga qo‘shimcha 20-25 ta qiruvchi samolyot yuboradi – CNN
Olam
−
09 Oktabr 2023
7651Amerika Qo‘shma Shtatlari yaqin orada G‘azo sektori atrofidagi keskinlik fonida “Eronni jilovlash uchun” Yaqin Sharqqa qo‘shimcha 20-25 ta F-35 va F-15 qiruvchi samolyotlarini yuboradi. Bu haqda harbiy rejalashtirishdan xabardor manbalarga tayanib, CNN xabar berdi.
“Qiruvchilarni topshirishdan maqsad Eron tajovuzkorligi va Isroil chegaralaridan tashqarida jangovar harakatlar avj olishining oldini olishdir", deya izohlagan buni nashr.
Telekanal samolyotlar mintaqaga qachon yetib borishiga aniqlik kiritmagan.
AQSH Mudofaa vaziri Lloyd Ostin mintaqada AQSH aviatsiyasini kuchaytirish rejalarini e’lon qilgan, biroq u Yaqin Sharqqa qancha samolyot yuborilishini ma’lum qilmagan.
AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken esa Isroildagi qurolli to‘qnashuvlar oqibatida amerikalik fuqarolarning halok bo‘lganini bildirdi. U o‘lganlar sonini aytmagan bo‘lsa-da, CNN ga ko‘ra, ular 3 nafarni tashkil qiladi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 7 oktyabr kuni ertalab G‘azo sektoridan Isroil hududiga raketa hujumi boshlangandi. Keyinchalik HAMAS harakati Isroilga qarshi “Al-Aqso to‘foni” harbiy operatsiyasi boshlaganini e’lon qildi. Isroil Mudofaa kuchlari esa bunga javoban “Temir qilichlar” “aksilterror operatsiyasi”ni boshladi. Shundan so‘ng, Bosh vazir Binyamin Netanyaxu isroilliklarga murojaat bilan chiqib, mamlakatda sodir bo‘layotgan voqealar harbiy operatsiya emas, balki to‘laqonli urush ekanini aytdi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, mojaro qurbonlari soni 1100 ga yaqinlashdi.
LiveBarchasi