AQSH Isroil-Eron urushida THAAD raketalarining to‘rtdan birini yo‘qotdi

Olam

image

AQSH joriy yilning iyun oyida Isroil va Eron o‘rtasidagi 12 kunlik harbiy to‘qnashuv davomida zamonaviy THAAD havo hujumidan mudofaa raketalarining taxminan 25 foizini sarflab bo‘ldi. Bu haqda o‘z manbalarga tayanib, CNN xabar berdi.

Qayd etilishicha, Qo‘shma Shtatlar 100 dan 150 tagacha raketani ishlatgan. Bu esa ishlab chiqarish tezligidan ancha yuqori. O‘tgan yili AQSH atigi 11 ta raketa xarid qilgan, joriy yilda yana 12 tasi olinadi. 2026 yilda esa 37 ta raketa sotib olish rejalashtirilgan. Har bir THAAD raketasi taxminan 12,7 million dollar turadi.

Ma’lumot uchun, THAAD – bu mobil tizim bo‘lib, u Yer atmosferasi ichida hamda undan tashqarida, parvozning yakuniy bosqichida qisqa va o‘rta masofali ballistik raketalarni urib tushirish qobiliyatiga ega. AQSH arsenalida jami 7 ta THAAD kompleksi mavjud bo‘lib, ularning ikkitasi ushbu mojaroda Isroilda qo‘llangan.

Eslatib o‘tamiz, Isroil Eronni yadroviy tahdidda ayblab, 13 iyun tongida birinchi zarbani bergan edi. Oradan 17 soat o‘tib Eron javob zarbasini yo‘lladi va shundan so‘ng tomonlar raketa hujumlarini davom ettirdi. 22 iyun kechasi AQSH Isroilga yordam sifatida Eronning yadroviy ob’ektlariga zarba berdi. 23 iyun oqshomida AQSH Prezidenti Donald Tramp Eron va Isroil to‘liq va har tomonlama o‘t ochishni to‘xtatishga rozi bo‘lganini e’lon qildi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Eron Isroil THAAD

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing