AQSH ISHID safiga qo‘shilgan o‘zbekistonliklarga nisbatan sanksiya kiritdi
Olam
−
15 iyun
4755AQSH Turkiya hukumati bilan yaqin hamkorlikda “Iroq va Shom islomiy davlati” (ISHID) terrorchilik guruhi faoliyatiga aloqador shaxslarga nisbatan sanksiyalar joriy qildi. Bu haqda AQSH Moliya vazirligi matbuot xizmati tomonidan chop etilgan bayonotlarda aytiladi.
“Qo‘shma Shtatlar ISHID bilan aloqador bo‘lgan to‘rt kishiga, jumladan, guruhga aloqador odam kontrabandasi tarmog‘i a’zolariga nisbatan sanksiyalar joriy qildi. Tekshiruv va keyingi harakatlar Turkiya hukumati bilan yaqin hamkorlikda amalga oshirildi, u bir vaqtning o‘zida ushbu tarmoqqa qarshi o‘zining ichki choralarini ko‘rmoqda”, deyiladi vazirlik bayonotida.
Sanksiya ro‘yxatiga “Islomiy davlat” bilan aloqador odam kontrabandasi tarmog‘i faoliyatida ishtirok etgan O‘zbekiston rezidenti Olimxon Mahmudjon o‘g‘li Ismoilov va 1998 yilda tug‘ilgan, millati o‘zbek Muhammad Ibrohimjon o‘g‘li Niyozov ham bor.
U ushbu tarmoq tarafdori va Turkiyadagi ISHID a’zolariga ma’muriy va logistik yordam ko‘rsatgan. Shuningdek, ro‘yxatga 2023 yil o‘rtalarida ISHID jangarilari uchun o‘quv lagerini yaratishda qatnashgan o‘zbekistonlik Muhammadyusuf Alisher o‘g‘li Mirzoyev ham kiritilgan.
Adam Xamirzayev ismli shaxs esa yangilangan ro‘yxatda to‘rtinchi o‘rinni egallagan.
Moliya vazirligining xabar berishicha, 1985 yilda tug‘ilgan bu shaxs Rossiyada tug‘ilgan va “Andrey Guzun”, “Adam Oliferchik” yoki “Adam Abu Darrar Al-Shishani” ismlari bilan ham tanilgan.
AQSH Moliya vazirligiga ko‘ra, bu shaxs ISHIDning Gruziyadagi amiri bo‘lib chiqdi, u ISHID kontrabanda tarmog‘iga uning faoliyati bo‘yicha ko‘rsatmalar bergan. U ro‘yxatga guruh tarkibidagi yetakchi sifatida qo‘shildi, bu ham uning mulki va aktivlarining bloklanishi va muzlatilishiga olib keladi.
LiveBarchasi