AQSH Iroq Kurdistonidagi harbiy texnikalarini yig‘ishtirishni boshladi

Olam

image

AQSH qo‘shinlarni olib chiqishdan oldin Iroq shimolidagi o‘z havo hujumidan mudofaa (HHM) tizimlarini demontaj qilishni boshladi. Iroq Kurdistonida joylashtirilgan amerikalik harbiylar texnikani yig‘ishtirishga kirishdi. Bu haqda “Al Hadath” telekanali xabar berdi.

Qayd etilishicha, Qo‘shma Shtatlar kuchlari “shimolda joylashgan avtonom mintaqadan og‘ir harbiy texnikani olib chiqishni boshlagan”, shuningdek, “xalqaro koalitsiya har kuni Iroq hududidan tashqariga kamida bitta harbiy texnika kolonnasini olib chiqib ketmoqda”.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning yanvar oyi oxirida AQSH boshchiligidagi xalqaro koalitsiya Iroq Kurdistonidan tashqari Iroq hududidagi bazalardan barcha bo‘linmalar va harbiy maslahatchilarni olib chiqib ketgani e’lon qilingan edi. 9 iyul kuni Iroq Bosh vaziri Ali az-Zeydi xalqaro koalitsiya kontingenti mamlakat hududidagi o‘z vazifalarini bajarishni 30 sentyabrda yakunlashini ma’lum qildi. Iyul o‘rtalarida Amerika Prezidenti Donald Tramp Vashingtonda Ali az-Zeydi bilan uchrashuvda “AQSH qo‘shinlarining Iroqda joylashtirilishi endi talab etilmasligini” bildirgan edi. Endi AQSH harbiylari va xalqaro koalitsiya kuchlari joriy yilning 30 sentyabrida Iroq hududini butunlay tark etishi kerak.

Amerika kuchlari ilk bor Iroqqa 2003 yilda Saddam Husaynni ag‘darish uchun kirgan, 2011 yilda mamlakatni tark etgan va so‘ng uch yil o‘tib, Bag‘dodning iltimosiga binoan davlatning katta qismini egallab olgan “Islom davlati” guruhiga qarshi kurashish uchun qaytib kelgan edi. Terrorchilar tarmog‘i yakkalangan yacheykalargacha qisqarganidan keyin Vashington va Bag‘dod missiyani yakunlashga kelishib oldi. Kurdlar nazoratidagi shimoldan tashqari bazalarning aksariyati o‘tgan yili bo‘shatilgan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing