AQSH Iroqdagi harbiy operatsiyalarni yil oxirigacha tugatadi

Olam

image

Amerika Qo‘shma Shtatlari Iroqda harbiy operatsiyalardagi ishtirokini shu yil oxiriga qadar tugatadi. Bu haqda AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken va Iroq Tashqi ishlar vaziri Fuad Xuseynning kecha, 26 iyul kuni o‘tkazilgan strategik muzokaralari natijalari bo‘yicha e’lon qilingan qo‘shma bayonotida aytilgan.

“Xavfsizlik sohasidagi aloqalar butunlay kadrlar tayyorlash, maslahatlashish, yordam va razvedka ma’lumotlarini almashishga o‘tadi hamda 2021 yil 31 dekabrgacha AQSHning harbiylari jangovar topshiriqlarni bajarishda hech qanday rol o‘ynamaydi”, deyiladi bayonotda.

Shuningdek, bayonotda Amerika Iroq xavfsizlik kuchlarini kelajakdagi tahdidlarga qarshi kurashish salohiyatini oshirishda yordam berishi haqida ham bandlar mavjud.

Ma’lumot o‘rnida, AQSHning Iroqdagi harbiy missiyasi 2003 yilda boshlangan. 2011 yilda harbiylar mamlakatdan olib chiqilgan, ammo 2014 yilda qo‘shni Suriyadagi fuqarolar urushi va ISHID kuchaygan sharoitda kontingent yana Iroqqa qaytgan. Joriy yilning mart oyi o‘rtalarida mamlakat Prezidenti Barham Solihning aniqlik kiritishicha, mamlakatda Amerika qo‘shinlarining soni 2 500 kishidan oshmaydi. 

Eslatib o‘tamiz, 2020 yil 5 yanvarda Arab Respublikasi parlamenti barcha xorijiy kuchlar Iroqni tark etishini talab qiluvchi rezolyutsiya qabul qildi. Aprel oyida Iroq Bosh vaziri Mustafo al-Kazimiy milliy armiya va xavfsizlik kuchlarining jangovar tayyorgarligi hamda terrorchilarga qarshi kurashdagi yutuqlari 60 foiz xorijiy harbiy kontingentning mamlakatni tark etishiga imkon berishini ma’lum qilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Iroq AQSh harbiy operatsiya

Baholaganlar

23

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing