AQSH ikkinchi xonimi Grenlandiyaga boradi

Olam

image

Tarkibida AQSH vitse-prezidenti Jeyms Devid Vensning rafiqasi Usha Vens ham bo‘lgan Amerika delegatsiyasi 27-29 mart kunlari Grenlandiyaga boradi. Bu haqda Oq uy matbuot xizmati tarqatgan bayonotda so‘z boradi.

Qayd etilishicha, 27 mart kuni Usha Venc va uning o‘g‘li AQSH delegatsiyasi bilan Grenlandiyaga tarixiy joylarni ziyorat qilish va Grenlandiya merosi bilan tanishish uchun boradi. Amerika vakillari ham it chana poygalarida qatnashish niyatida.

Bayonotda aniqlik kiritilishicha, Usha Vens 29 mart kuni AQSHga qaytadi.

“The New York Times” manbalarga ko‘ra, AQSH milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Mayk Uolts Grenlandiyadagi AQSH harbiy bazasiga borishi kutilmoqda. Unga AQSH Energetika vaziri Kris Rayt hamrohlik qiladi. Bu aniq qachon sodir bo‘lishi ochiqlanmagan.

Bayroqdagi yangi yulduzlar. AQSH qanday qilib hududlarni sotib olgan va bosib olgan? north_east

Bayroqdagi yangi yulduzlar. AQSH qanday qilib hududlarni sotib olgan va bosib olgan?

Vashington ma’muriyatining boshqa rasmiylari ham Grenlandiyaga tashrif buyurishi mumkin. Nashrning aniqlik kiritishicha, “Oq uy vakili [amerikalik] amaldorlar taklif etilganmi, degan savolga javob bermagan”.

Qayd etish joiz, 13 mart kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp AQSH Daniyaning avtonom hududi bo‘lgan Grenlandiyani anneksiya qilishiga ishonch bildirdi.

“Ha, shunday bo‘ladi deb o‘ylayman”, degandi u jurnalistning Grenlandiyaning “potensial anneksiyasi” haqidagi savoliga javoban.

Tramp 4 mart kuni Grenlandiya aholisining Daniya avtonom hududini AQSH tarkibiga qo‘shish haqidagi qarorini ma’qullashini aytdi. Amerika yetakchisi avval ham Grenlandiya Qo‘shma Shtatlar tarkibiga qo‘shilishi kerakligini bir necha bor ta’kidlagan. U Daniya oroldan voz kechmasa, unga yuqori savdo bojlari qo‘yish bilan tahdid qilgan. Hatto birinchi prezidentlik davrida Tramp Grenlandiyani sotib olishni taklif qilgan. Daniya va Grenlandiya hukumati bu fikrni rad etdi.

Grenlandiya avtonom hudud sifatida Daniya tarkibiga kiradi. 1951 yilda Vashington va Kopengagen o‘zlarining NATO ittifoqidagi majburiyatlariga qo‘shimcha ravishda Grenlandiya mudofaa shartnomasini imzolagan. Unga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar orolni agressiyadan himoya qilish majburiyatini oldi. Bu yerda raketa hujumidan ogohlantirish tizimi va Arktika zonasini boshqarish vazifalarini bajaradigan Amerikaning Pituffik kosmik bazasi joylashgan.

Eslatib o‘tamiz, Tramp hali rasman Prezident sifatida lavozimiga kirishishidan oldin – 7 yanvar kuni uning o‘g‘li kichik Donald Tramp Grenlandiyaning Nuuk shahriga borgandi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Grenlandiya Usha Vens

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing