AQSH ICE xodimlariga sud qarorisiz uylarga kirishga ruxsat berdi
Olam
−
23 yanvar 539 2 daqiqa
AQSHning Immigratsiya va bojxona xizmati (ICE) deportatsiya qilinishi lozim bo‘lgan shaxslarning uylariga sud qarorisiz kirishga o‘z xodimlariga ruxsat berdi. Bu haqda NBC News xabar berdi.
Unga ko‘ra, bu ruxsat haqida 2025 yilning may oyida tuzilgan va ICE vaqtincha direktori Todd Lyons tomonidan imzolangan xizmat yozuvida aytilgan. Mazkur hujjat ikki nafar ma’lumot manbasi tomonidan demokrat senator Richard Blumentalga taqdim etilgan.
Xizmat yozuvida aytilishicha, agar sudya shaxsni deportatsiya qilish bo‘yicha “yakuniy qaror” chiqargan bo‘lsa, ICE agentlariga ma’muriy order asosida uyga majburan kirishga ruxsat beriladi. Ma’muriy orderlar xodim va agentlarga hibsga olish huquqini beradi, biroq ular sudyalar tomonidan imzolanadigan va uyga kirishga ruxsat beruvchi sud orderlaridan farq qiladi.
Hujjatda qayd etilishicha, ICE agentlari uyga kirishdan oldin eshikni taqillatishi, o‘zini tanishtirishi va ichkaridagi odamlarga buyruqni bajarish uchun vaqt berishi kerak. Shuningdek, uyga tunda kirmaslik (buni ertalab soat 6:00 dan kechki 22:00 gacha amalga oshirish) va bino ichiga kirishda faqat zarur va oqilona kuch ishlatish tavsiya etiladi.
AQSH Ichki xavfsizlik vazirligi matbuot kotibi Trisha Maklaflinning aytishicha, mamlakatda noqonuniy yashayotgan va ma’muriy orderlar yoki I-205 orderlarini (chiqarib yuborish yoki deportatsiya to‘g‘risidagi orderlar) olgan muhojirlar barcha zarur protseduralardan o‘tgan va immigratsiya sudyasidan chiqarib yuborish bo‘yicha yakuniy qarorni olgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Immigratsiya va bojxona nazorati xizmati xodimlari Minneapolisda (Minnesota shtati) federal huquqni muhofaza qilish organlarining noqonuniy muhojirlarga qarshi kurash kampaniyasi doirasida boshlangan eng yirik operatsiyasi chog‘ida 3 ming migrantni qo‘lga olgandi.
Live
Barchasi