AQSH grin-karta uchun 100 ming dollarlik garov puli joriy etmoqchi – OAV
Olam
−
21 iyul 2823 2 daqiqa
AQSH hukumati doimiy yashash huquqini (grin-karta) olmoqchi bo‘lgan xorijliklar uchun pul ko‘rinishidagi garov summasini joriy etishni rejalashtirmoqda. Bu haqda “The Wall Street Journal” xabar berdi.
Qayd etilishicha, AQSH Davlat departamenti ushbu taklifni Donald Tramp ma’muriyatining immigratsiyani qisqartirish bo‘yicha chora-tadbirlari doirasida ishlab chiqmoqda. Yangilikni cheklangan sonli mamlakatlarning ayrim ariza topshiruvchilarida sinab ko‘rish taklif etilmoqda, biroq ushbu mamlakatlar ro‘yxatiga aniqlik kiritilmagan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, garov summasi 100 ming dollarni tashkil etadi. Shu bilan birga, muayyan holatga qarab garov miqdori ushbu raqamdan ko‘proq yoki kamroq bo‘lishi ham mumkin.
Garov puli faqatgina grin-karta egasi AQSH fuqaroligini olganidan keyin qaytarib beriladi. Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, bu jarayon kamida 5 yil vaqtni oladi.
“The Hill” nashrining Davlat departamentining rasmiy vakili Tommi Pigottga tayanib yozishicha, garov puli AQSH rasmiylari tomonidan xorijliklarning “moliyaviy jihatdan mustaqilligi” kafolati sifatida ko‘rib chiqilmoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu to‘lov tibbiy va boshqa ehtiyojlari sababli “jamiyatga og‘irligi tushishi mumkin bo‘lgan” xorijliklardan undiriladi.
“Garov pulini kiritish ariza beruvchining o‘zini mustaqil ravishda ta’minlay olishini isbotlaydi”, deydi Pigott.
Uning qayd etishicha, buning sharofati bilan boshqa mezonlarga ko‘ra viza ololmagan xorijliklar viza olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
“The Hill”ning yozishicha, garov tizimining joriy etilishi AQSHda yashash guvohnomasini rasmiylashtirish xarajatlarini sezilarli darajada oshiradi. Hozirda xorijdan ariza topshirayotgan chet elliklar immigratsiya vizasi arizasini (DS-260) onlayn topshirish uchun 325 dollar, ariza ma’qullanganidan keyin esa Green Card olish uchun 235 dollar miqdorida immigratsiya yig‘imini to‘lashlari kerak.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Oliy sudi federal chegara xizmati xodimlariga Amerika grin-kartasiga ega bo‘lgan shaxslarni deportatsiya qilish imkonini beruvchi qaror qabul qilgandi. Shuningdek, avvalroq AQSH rasmiylari vaqtinchalik vizaga ega bo‘lgan xorijliklar uchun grin-karta olish qoidalarini qayta ko‘rib chiqqani haqida xabar berilgan edi. Unga ko‘ra, endilikda ariza beruvchilarning aksariyati ushbu jarayondan mamlakat tashqarisida o‘tishlariga to‘g‘ri keladi.
Live
Barchasi