AQSH “Green Card” olish tartibini o‘zgartirmoqda

Olam

image

AQSHda “Green Card” olishni istagan xorijliklar endilikda arizani mamlakat ichida emas, balki o‘z davlatida turib topshirishi kerak bo‘ladi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.

AQSH Fuqarolik va immigratsiya xizmati yangi siyosatga oid memorandum e’lon qilib, immigratsion maqomni o‘zgartirishni istagan shaxslar arizani Davlat departamenti orqali xorijdan topshirishi lozimligini bildirgan.

AQSH Ichki xavfsizlik departamentiga ko‘ra, mamlakatda vaqtincha bo‘lib turgan va doimiy yashash huquqini olishni istagan xorijliklar o‘z vataniga qaytishi kerak bo‘ladi.

“Bu siyosat immigratsiya tizimining qonun bilan belgilangan tartibda ishlashini ta’minlaydi va turli bo‘shliqlardan foydalanishni rag‘batlantirmaydi”, deyiladi bayonotda.

AQSH Ichki xavfsizlik departamenti yangi tartib agentlik resurslarini boshqa immigratsiya ishlariga yo‘naltirish imkonini berishini bildirgan. Biroq migrantlar va qochqinlarga yordam ko‘rsatuvchi HIAS tashkiloti ushbu qarorni tanqid qilgan. Tashkilotga ko‘ra, yangi siyosat odam savdosi qurbonlari hamda zo‘ravonlikdan qochgan bolalarni xavfli mamlakatlariga qaytishga majbur qilishi mumkin.

Qayd etilishicha, bu Donald Tramp ma’muriyatining migratsiyani cheklashga qaratilgan navbatdagi chorasi hisoblanadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Davlat departamenti vaqtinchalik viza olish uchun murojaat qiluvchilarni tekshirishning yangi tartibini joriy etgandi. Unga ko‘ra, arizachilar o‘z mamlakatida ta’qib yoki xavfga duch kelmaganini hamda u yerga qaytishdan qo‘rqmasligini tasdiqlashi kerak bo‘ladi. Ayrim hollarda ushbu savollarga javob bermaslik ham viza rad etilishiga sabab bo‘lishi mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

Green Card ariza o'zgartirish

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing