O‘limi ortidan “Green Card” to‘xtatilgan Muhammadaziz keysi haqida nimalar ma’lum?
Tahlil
−
20 dekabr 9638 6 daqiqa
2025 yil 13 dekabrda AQSHning Rod-Aylend shtati, Providens shahrida joylashgan Braun universitetida ommaviy otishma sodir bo‘ldi. Bu voqea kuzgi semestrning yakuniy imtihonlari haftasining ikkinchi kunida yuz bergan. Qurollangan shaxs Muhandislik maktabi binosiga kirib, yakuniy imtihonlarga tayyorgarlik uchun o‘tkazilayotgan takror mashg‘ulot vaqtida ikki nafar talabani o‘ldirdi va yana to‘qqiz nafar talabani yaraladi.
Braun universitetidagi otishmada ikki kishi halok bo‘ldi, to‘qqiz kishi yaralandi. Barcha jabrlanuvchilar Braun universiteti talabalari edi. Halok bo‘lganlar – Alabama shtatining Birmingem shahridan, Braun universiteti Kollej respublikachilari klubi vitse-prezidenti Ella Kuk hamda yaqinda Virjiniya shtati Chesterfild okrugida joylashgan Midlotian o‘rta maktabini bitirgan o‘zbekistonlik 2007 yilda tug‘ilgan, biokimyo va neyrobiologiya yo‘nalishlarida ikki mutaxassislikni birgalikda o‘qiyotgan Muxammadaziz Umurzoqov edi. Braun universiteti Kuk va Umurzoqovning vafotini rasman tasdiqladi hamda bahorgi semestrda talabalar qaytganidan so‘ng ularni xotirlash bo‘yicha rejalar e’lon qilinishini bildirdi.

Yaralangan to‘qqiz nafar kishining barchasi o‘q otish oqibatidagi jarohatlar bilan universitetga qarashli Rod-Aylend shifoxonasiga yetkazildi. Ulardan biriga shrapnel tekkan bo‘lib, bir necha soatdan so‘ng uyiga javob berildi. Yana ikki nafar jabrlanuvchi 16 va 17 dekabr kunlari shifoxonadan chiqarildi. Qolgan olti nafar 18 dekabr holatiga ko‘ra hali shifoxonada qolgan, ammo ularning ahvoli barqaror deb baholangan.
Ushbu fojia ortidan O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi marhumning oila a’zolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildirdi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining AQSHdagi vakolatxonalari vakillari marhumning qarindoshlari bilan doimiy aloqada bo‘lib, AQSHning tegishli idoralari bilan hamkorlikda barcha masalalar yuzasidan yaqindan ish olib borayotgani ma’lum qilindi.
GoFundMe saytida marhum uchun xayriya aksiyasi boshlanib, yuridik masalalar va janoza tadbirlari bilan bog‘liq xarajatlar uchun bugungi kunga qadar 511 359 AQSH dollari yig‘ildi.
Muhammadazizning oilasi 2011 yilda Bruklindan Midloshenga ko‘chib o‘tgan. Ular bundan ikki yil avval O‘zbekistondan AQSHga ko‘chib borib, keyinchalik AQSH fuqaroligini olgan. Onasi hamshira, otasi esa yuk tashish kompaniyasi egasi. Voqeadan bir necha soat oldin Muhammadazizning ota-onasi uzoq yillik tayyorgarlikdan so‘ng Saudiya Arabistoniga Umra safariga yo‘l olgan edi. Ular Misrda qo‘nib o‘tishi vaqtida qizlari ularga ukalari bedarak yo‘qolganini aytishgan, Saudiya Arabistoniga yetib borgach esa uning vafot etganini ma’lum qilishgan.
Umurzoqovning oila a’zolari va do‘stlari uni tirishqoq, mehribon va boshqalarni qo‘llab-quvvatlashga doim tayyor inson sifatida ta’riflashgan. Muhammadaziz Midlothian o‘rta maktabida a’lo bahoga o‘qigan, BMT Modeli, viktorinalar va debatlarda faol qatnashgan. U bolaligida miya operatsiyasini boshdan kechirgan, bu esa unda miya jarrohi bo‘lish orzusini yanada mustahkamlagan. Yigit universitetga stipendiya asosida qabul qilingan va yozda noutbuk sotib olish uchun Wawa do‘konida ishlagan.
“U hech qanday qo‘shimcha repetitorsiz hammasiga o‘zi erishdi. Bu kuzda Braun universitetiga borishdan juda xursand edi. “Bu hayotimdagi eng yaxshi yil”, derdi. Bu juda adolatsizdek tuyuladi. U shuncha harakat qildi, shuncha qiyinchiliklardan o‘tdi, oxiri esa shunday bo‘ldi”, dedi marhumning 22 yoshli opasi Ruhsora Umurzoqova.
QALAMPIR.UZ bilan suhbatlashgan marhumning pochchasi u o‘tkir aqli, mehribonligi va boshqalarga yordam berishga doim tayyorligi bilan qadrli, kamtar va ochiqko‘ngil inson bo‘lib, atrofdagilar tomonidan chuqur hurmatga sazovor bo‘lganini aytdi.
“Muhammadaziz iqtidorli talaba, sevimli o‘g‘il, uka va do‘st sifatida xotiralarimizda qoladi”, deydi Muhammadazizning pochchasi Holmatjon Kenjayev.
Shuningdek, AQSHning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Jonatan Henik marhumning yaqinlariga hamdardlik bildirdi.
“13 dekabr kuni Braun universiteti talabasi Muhammadaziz Umurzoqovning fojiali vafot etgani haqidagi xabarlar meni chuqur qayg‘uga soldi. Biz Umurzoqovning oila a’zolari, do‘stlari va kursdoshlariga samimiy hamdardlik bildiramiz hamda uning porloq orzulari amalga oshmay qolganidan cheksiz qayg‘udamiz”, deydi Henik.
Ushbu holat ortidan AQSHdagi Amerika-O‘zbekiston Assotsiatsiyasi Virjiniya shtatidan saylangan senatorlar va Kongress a’zolariga qurolli zo‘ravonlikka qarshi qat’iy qonunchilik choralarini ko‘rishga chaqirib maktub yubordi. Maktubda Muhammadaziz Umurzoqovning o‘ldirilishi bilan bog‘liq fojia AQSHdagi son-sanoqsiz maktab va universitetlardagi otishmalar, ibodatxonalarga uyushtirilgan hujumlar qatoriga qo‘shilgani, Virjiniyada va butun Qo‘shma Shtatlar bo‘ylab yashovchi, ko‘plari Virjiniya rezidenti, saylovchi va soliq to‘lovchi bo‘lgan amerikalik o‘zbek oilalarning tobora ko‘payib borayotgan ovozlari aks etishi qayd etilgan. Shu bilan birga, unda hamdardlik va duo qanchalik samimiy bo‘lmasin, amaliy choralar o‘rnini bosa olmasligi yozilgan. Bildirilishicha, talabalar, o‘qituvchilar, tadqiqotchilar va begunoh jamoa a’zolarining uzluksiz halok bo‘lishi tizimli muvaffaqiyatsizlikni ko‘rsatmoqda. Boshqa rivojlangan davlatlarda qurol zo‘ravonligi bunday miqyosda va tez-tez uchramaydi. Farq – siyosatda.
“Biz bu murojaatni Braun universitetidagi otishma qurbonlari, jumladan, yosh o‘zbekistonlik talaba va Virjiniya rezidenti Muhammadaziz Umurzoqovning xotirasiga bag‘ishlab, butun mamlakat bo‘ylab qurolli zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan oilalar bilan birdamlikda yozdik. Bizning murojaatimiz amerikalik o‘zbek oilalar hamda maktablar, jamoat joylari va xonadonlar xavfsizligi haqida qayg‘urayotgan barcha ota-onalarning tashvishini aks ettiradi. Har bir bunday voqea og‘riqli haqiqatni yana bir bor tasdiqlaydi: Amerikadagi ommaviy otishmalar endi kamyob holat emas. Bu – tizimli muammo. Ota-onalar endi faqat maktab va universitetlar haqida emas, balki jamoat joylari, hatto o‘z uylarining xavfsizligi haqida ham qayg‘urmoqda. Biz sizlarni hurmat bilan, ammo qat’iy tarzda dalillarga asoslangan, qat’iy qurol nazorati choralarini qonunchilik darajasida joriy etishga chaqiramiz”, deyiladi hamjamiyat xatida.
Otishmadan keyingi tongda, Providens politsiyasidan olingan ma’lumotlarga asosan, FQB Rod-Aylenddagi bir mehmonxonani tintuv qildi va bir kishini qo‘lga oldi. Shuningdek, boshqa shtatdagi bir uyda ham tintuv o‘tkazildi. FQB bu reydlar yuzasidan izoh berishdan bosh tortdi, ushlab turilgan shaxs esa shu kuniyoq qo‘yib yuborildi. Rod-Aylend bosh prokurori Piter Neronha “uni ish bo‘yicha gumonlanuvchi shaxs deb hisoblash uchun hech qanday asos yo‘q”ligini aytdi. Jinoyat joyidan olingan dalillar ushlab turilgan shaxs qo‘lida bo‘lgan qurolga to‘g‘ri kelmadi.
15 dekabr kuni Providens politsiyasi gumonlanuvchining suratlari va yana uchta videoni e’lon qildi. Videolardan birida u qora shapka, niqob, yashil kurtka va qora qo‘lqopda tasvirlangan. Providens politsiyasi boshlig‘i polkovnik Oskar Peresning aytishicha, o‘t ochgan odam 9 mm kalibrli quroldan foydalangan. FQB jinoyatchi haqida ma’lumot uchun 50 ming dollar mukofot e’lon qildi.
17 dekabr kuni Providens politsiyasi otishma kuni gumonlanuvchi qaysi hududlarda bo‘lganini ko‘rsatuvchi ko‘cha xaritasini e’lon qildi. Shu kuni huquq-tartibot idoralari jinoyat joyidagi gilzalarda DNK va barmoq izlari topilganini ham ma’lum qildi.

18 dekabr kuni manbalar otishma 15 dekabr kuni MIT professori Nuno Lureyruning Bruklaynda o‘ldirilishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligini aytdi. Shu kuni, Braun ishi bo‘yicha hibsga olish orderi bilan politsiya Nyu-Hempshir shtati, Salem shahridagi omborxonaga kirib, u yerda 48 yoshli portugaliyalik Klaudio Manuel Nevesh-Valenteni o‘lik holda topdi. Uning yonidan ikkita qurol chiqdi. Taxminlarga ko‘ra, u o‘z joniga qasd qilgan.
Klaudio Manuel Nevesh Valente (1977 — taxm. 2025 yil 18 dekabr) — Portugaliya fuqarosi bo‘lib, u 2000–2001 yillarda Braun universitetida fizika bo‘yicha PhD dasturida tahsil olgan. Valente 1990-yillarning oxirida Lureyru bilan bir xil — Lissabondagi Instituto Superior Técnico oliygohida o‘qigan. Uning jinoiy o‘tmishi bo‘lmagan. 2025 yil 28 noyabrdan boshlab u Braun kampusida bir necha bor ko‘ringan va ba’zi odamlar uni shubhali deb hisoblagan.

Braun universiteti va MIT’da sodir etilgan otishmalar fonida AQSH Prezidenti Donald Tramp 18 dekabr kuni “grin karta” lotereya dasturini to‘xtatdi. Tramp topshirig‘iga binoan, AQSH Fuqarolik va immigratsiya xizmati (USCIS) mazkur dasturni vaqtincha to‘xtatgan. Qaror Braun universitetida otishma sodir etganlikda gumonlangan shaxs ushbu dastur orqali mamlakatga kelgani sababli qabul qilingan.
Live
Barchasi