AQSH sudi grin-karta lotereyasini qayta boshlashni buyurdi

Olam

−

image

Federal sud AQSH Davlat departamentiga DV-2027 grin-karta o‘yinini ishga tushirish majburiyatini yukladi. Bu haqdagi tegishli qaror joriy yilning 14 oktyabr kuni San-Diyegodagi federal sud tomonidan e’lon qilingan.

Amerika OAVlarining xabariga ko‘ra, idoraga arizalarni topshirish oynasini 2026 yil 18 oktyabrdan kechiktirmasdan ochish, tanlab olingan ishtirokchilarni esa 19 noyabrgacha xabardor qilish majburiyati yuklangan. Ro‘yxatdan o‘tishning aniq boshlanish sanasini AQSH Davlat departamenti e’lon qilishi kerak.

Oldinroq Davlat departamenti kechikishni ishtirok etish tartibidagi o‘zgarishlar bilan izohlagan edi. 2025 yilning noyabr oyida idora DV-2027 ro‘yxatdan o‘tish kunini keyinroq e’lon qilishini ma’lum qilgan. Biroq standart ariza topshirish muddati baribir boshlanmagandi.

Lotereyada ishtirok etish uchun nimalar kerak?

DV-2027 da ishtirokchilar uchun yangi talablar nazarda tutilgan:

  • ariza topshirish uchun amaldagi xorijiy pasport kerak bo‘ladi;
  • elektron anketaga shaxsiy ma’lumotlar va imzo qo‘yilgan sahifaning skanerlangan nusxasini yuklash talab etiladi;
  • ro‘yxatdan o‘tish pullik bo‘ladi: ariza topshirganlik uchun 1 dollar to‘lash zarur;
  • Bu choralar firibgarlik va takroriy arizalarga qarshi kurashishga qaratilgan.

Arizani AQSH Davlat departamentining rasmiy sayti – dvprogram.state.gov orqali topshirish mumkin bo‘ladi. Rasmiy yo‘riqnoma e’lon qilingunga qadar ishtirokchini oldindan ro‘yxatdan o‘tkazishni va’da qiladigan yoki g‘alabani kafolatlaydigan vositachilarga ishonmaslik kerak.

Sud qaroriga ko‘ra, tanlab olingan ishtirokchilar 2026 yil 19 noyabrgacha xabardor qilinishi kerak. Shu bilan birga, lotereyada yutib chiqish avtomatik ravishda grin-karta olishni anglatmaydi: ishtirokchilar immigratsiya vizasini rasmiylashtirishning keyingi bosqichlaridan o‘tishlari kerak bo‘ladi.

DV-2027 ishtirokchilarida ushbu jarayonlar uchun vaqt odatdagidan kamroq bo‘ladi. Dastur bo‘yicha vizalar 2027 yil 30 sentyabrdan kechiktirmasdan berilishi kerak. 

Grin-kart o‘zi nima?

Grin-kart (Green Card) – bu AQSHda doimiy yashash huquqini beruvchi rasmiy guvohnoma. U quyidagi huquqlarni beradi:

  • AQSHda cheklovlarsiz yashash va ishlash;
  • ijtimoiy imtiyozlarni olish;
  • kelajakda fuqarolik uchun ariza topshirish.

Diversity Visa Lottery har yili o‘tkaziladi. Unda AQSHga immigratsiya darajasi past bo‘lgan mamlakatlar, jumladan, O‘zbekiston va Qozog‘iston fuqarolari ishtirok etishlari mumkin.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning dekabr oyida AQSH Ichki xavfsizlik vazirligi grin-karta lotereyasi (Diversity Visa Lottery) dasturi to‘xtatilganini e’lon qilgan edi. Ichki xavfsizlik vaziri Kristi Noemning so‘zlariga ko‘ra, ushbu qaror Braun universiteti va Massachusets texnologiya institutidagi (MIT) otishmada gumon qilinuvchi mamlakatga 2017 yilda aynan ushbu dastur orqali kelgani ma’lum bo‘lgach, Prezident Donald Trampning topshirig‘i bilan qabul qilingan. Ushbu hodisada o‘zbekistonlik talaba qurbon bo‘lgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing