Endi hamma ham grin-karta ololmaydi
Olam
−
26 may 8678 2 daqiqa
AQSH rasmiylari vaqtinchalik vizaga ega bo‘lgan xorijliklar uchun grin-karta (yashash huquqi) olish qoidalarini qayta ko‘rib chiqdi. Endilikda ariza beruvchilarning aksariyati ushbu jarayondan mamlakat tashqarisida o‘tishlariga to‘g‘ri keladi. Bu haqda AQSH Fuqarolik va immigratsiya xizmati (USCIS) xabar berdi.
AQSH rasmiylari grin-karta olishni istovchi xorijliklar uchun yangi qoidalarni e’lon qildi. Qayd etilishicha, endilikda mamlakat ichida turib maqomni o‘zgartirish uchun hujjat topshirish faqat istisno holatlardagina mumkin bo‘ladi.
Yangi siyosatga muvofiq, AQSHda vaqtinchalik vizalar bilan bo‘lib turgan xorijliklar mamlakatni tark etishlari hamda rasmiylashtirish jarayonidan AQSHning xorijdagi konsulliklari orqali o‘tishlari kerak bo‘ladi.
Bu qoida, jumladan, talabalar, turistlar va vaqtinchalik ishchilarga tegishlidir. USCIS noimmigratsion viza bilan AQSHda bo‘lish avtomatik ravishda doimiy yashash huquqini olishning birinchi bosqichiga aylanib qolmasligi kerakligini alohida ta’kidlagan.
Idoraning ma’lum qilishicha, ushbu o‘zgarishlar “qonunning dastlabki mazmun-mohiyatiga” mos keladi. USCIS vakili Zak Kaxlerning so‘zlariga ko‘ra, yangi tizim grin-karta berish rad etilganidan keyin AQSHda noqonuniy qolib ketuvchi shaxslar sonini kamaytirish imkonini beradi.
“Endilikda AQSHda vaqtinchalik bo‘lib turgan va grin-karta olishni istovchi shaxs, favqulodda holatlardan tashqari, ariza topshirish uchun o‘z vataniga qaytishi shart”, deydi Kaxler.
USCIS shuningdek, bu o‘zgarishlar immigratsiya tizimidagi yuklamani kamaytirishga yordam beradi va idoraga boshqa toifadagi ishlar, jumladan, fuqarolikka arizalar, zo‘ravonlik va odam savdosi qurbonlari uchun vizalar berish masalalariga diqqat qaratish imkonini beradi deb hisoblaydi.
Yangi siyosat allaqachon migrantlar va huquqshunoslar o‘rtasida qizg‘in bahslarga sabab bo‘ldi. Ko‘pchilik AQSHda qonuniy asoslarda bo‘lib turganlar uchun ham grin-karta olish jarayoni yanada uzoqroq va murakkab bo‘lib ketishidan xavotir bildirmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Davlat departamenti vaqtinchalik viza olish uchun ariza topshiruvchilarni tekshirishning yangi tartibini joriy etgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi