AQSH general Kirillovning o‘ldirilishiga aloqador emasligini e’lon qildi
Olam
−
10:36
3216Vashington Rossiya Qurolli kuchlarining Radiatsiya, kimyoviy va biologik mudofaa kuchlari boshlig‘i Igor Kirillovning o‘ldirilishiga aloqador emasligini e’lon qildi. Bu haqda kecha, 17 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan brifingda AQSH Davlat departamenti matbuot kotibi Metyu Miller ma’lum qildi.
“Menda bu portlash haqida hech qanday baho yo‘q. Aytishim mumkinki, AQSH bu haqda oldindan bilmagan va unda ishtirok etmagan”, deydi u.
Shu bilan birga, Miller Kirillov “bir qator vahshiyliklarda ishtirok etganini” qo‘shimcha qildi.
“U Ukraina harbiylariga qarshi kimyoviy qurol qo‘llashda ishtirok etgan, uning qo‘mondonligi ostidagi rus harbiylari xalqaro huquqni buzgan holda jang maydonida kimyoviy jangovar vositalardan foydalangan”, dedi Davlat departamenti vakili.
Rossiya Tashqi ishlar vazirligining rasmiy vakili Mariya Zaxarova bunga javoban “Kiyevga homiylik qilgan, pul berib, nazoratsiz qurol yetkazib berganlar o‘zlarining aloqador emasligini qanday e’lon qilishlarini tinglash kulgili” ekanini aytdi. Zaxarovaning da’vo qilishicha, Moskva go‘yoki AQSH bayonotlarini rad etuvchi “aniq dalillar”ga ega.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq "Reuters"ning Ukraina Xavfsizlik xizmatidagi manbasi Igor Kirillov Ukraina maxsus xizmatining maxsus operatsiyasi natijasida o‘ldirilganini aytgandi. Shu bilan birga, Ukraina Prezidenti devonining maslahatchisi Mixail Podolyak Kiyev terrorchilik usullaridan foydalanmasligini va “u yoki bu generalga oid qarorlar jang maydonida qabul qilinishini” aytdi.
LiveBarchasi