AQSH Falastin xavfsizlik kuchlarini moliyalashtirishni to‘xtatdi – WP

Olam

image

AQSH Prezidenti Donald Tramp tomonidan qabul qilingan xorijiy yordamni muzlatish to‘g‘risidagi farmonga binoan, AQSH Falastin ma’muriyati xavfsizlik kuchlariga moliyaviy ko‘mak berishni to‘xtatdi. Bu haqda amerikalik va falastinlik rasmiylarga tayanib, “The Washington Post” xabar berdi.

AQSH Falastin ma’muriyati loyihalarining asosiy donorlaridan biri bo‘lib, ushbu loyihalar xavfsizlik masalalari bo‘yicha ta’lim berish va huquq-tartibot organlari vakolatlarini kengaytirishni o‘z ichiga oladi. Trampning birinchi prezidentligi davrida AQSH Falastin ma’muriyatiga bevosita moliyaviy yordamni to‘xtatgan edi, biroq xavfsizlik kuchlarini tayyorlash va isloh qilish uchun mablag‘ ajratishda davom etgan.

Falastin ma’muriyati xavfsizlik kuchlari Iordan daryosining G‘arbiy sohilida qonun va tartibni saqlashga mas’ul. Xabarga ko‘ra, joriy yil fevral oyida AQSH rasmiylari falastinlik amaldorlar bilan uchrashib, Jenin qochqinlar lagerida HAMASni yo‘q qilishga Falastin ma’muriyatining tayyorligi masalasini muhokama qiladi.

Qayd etish joiz, 20 yanvarda Tramp lavozimga kirishganidan so‘ng AQSH tashqi siyosatiga dasturlar muvofiqligini baholash maqsadida boshqa davlatlarga rivojlanish uchun yordam ko‘rsatishni 90 kun muddatga to‘xtatish to‘g‘risidagi farmonni imzolagan edi.  

Buning ortidan AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) Ukrainaga yordam ko‘rsatishga oid ko‘plab loyihalarni to‘xtatdi. Muzlatilgan loyihalar orasida maktablarni qo‘llab-quvvatlash, sog‘liqni saqlash, onalarga shoshilinch yordam ko‘rsatish va bolalarni emlash kabi yordam dasturlari bo‘lgan. Ushbu loyihalar 90 kunga muzlatib qo‘yilgan.  

Eslatib o‘tamiz, avvalroq  “Sky News Arabia” Falastinning HAMAS guruhi G‘azo sektoridagi hokimiyatni Falastin ma’muriyatiga topshirishga tayyorligi haqida xabar bergan edi. HAMAS buning uchun shart qo‘ymoqda. Unga ko‘ra, yangi ma’muriyatda guruhning ish o‘rinlari saqlab qolinadi yoki xodimlar nafaqaga chiqarilib, ularga kafolatlangan to‘lovlar taqdim etiladi. Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu esa urushdan keyin “na HAMAS, na Falastin ma’muriyati” G‘azo sektorini boshqarmasligiga va’da berdi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Falastin ma'muriyati xavfsizlik kuchlari

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing