AQSH sudi Trampni xorijiy yordamni tiklashga majburladi
Olam
−
14 fevral 2025 3927 2 daqiqa
AQSH federal sudi Prezident Donald Tramp ma’muriyatini muzlatilgan xorijiy yordamni tiklashga majbur qildi. Bu haqda ABC News xabar berdi.
Sudya Amir Ali kecha, 13 fevral kuni Vashingtondagi AQSH okrug sudida AQSH tomonidan xorijdagi dasturlar uchun moliyalashtiriladigan ikki tibbiyot tashkiloti tomonidan qo‘zg‘atilgan da’vo bo‘yicha qaror chiqardi.
O‘z qarorida Ali Tramp ma’muriyati AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligining (USAID) minglab yordam dasturlarini har tomonlama ko‘rib chiqish va ularning qaysi biri tugatilishi lozimligini aniqlash maqsadida moliyalashtirishni to‘xtatishga majbur bo‘lganini ta’kidlaganini qayd etdi.
“Biroq ma’muriyat rasmiylari Kongress tomonidan ajratilgan barcha xorijiy yordamni to‘liq to‘xtatish, bu esa shok to‘lqinini keltirib chiqarib, minglab nodavlat tashkilotlar, biznes va boshqa tuzilmalar bilan tuzilgan shartnomalarni izdan chiqargan, dasturlarni ko‘rib chiqishning qanday qilib ratsional oldingi bosqichi bo‘lishi mumkinligi haqida hech qanday izoh bermagan”, dedi sudya.
Bu qaror Tramp ma’muriyatining xorijiy yordamni muzlatish haqidagi farmonini vaqtincha bekor qilgan birinchi sud qarori bo‘ldi. Muzlatish tufayli USAID va Davlat departamenti dunyo bo‘ylab gumanitar yordam va boshqa ko‘makni to‘xtatishga, xodimlarni ishdan bo‘shatishga majbur bo‘ldi va oqibatda global yordam yetkazib berish tarmoqlarining katta qismi falaj bo‘lib qoldi.
Kecha, 13 fevral kuni Tramp ma’muriyatining USAID va AQSH yordam dasturlarini tugatish bo‘yicha harakatlariga doir boshqa sud ishida sudya Tramp ma’muriyatining USAID xodimlarining deyarli barchasini ishdan bo‘shatish rejasini to‘xtatish haqidagi buyrug‘i yana kamida bir hafta amal qilishini ma’lum qildi.
AQSH okrug sudyasi Karl Nikols ushbu qarorni uch soat davom etgan tinglovdan so‘ng qabul qilgan. Muhokamaning asosiy qismi Tramp ma’muriyati va uning Davlat samaradorligi departamentiga rahbarlik qilayotgan Ilon Mask tomonidan minglab USAID xodimlarini ta’tilga chiqarish va xorijiy yordamni muzlatish bo‘yicha berilgan to‘satdan buyruqlari xodimlarga qanday ta’sir qilgani masalasiga bag‘ishlangan.
Sudya yaqin kunlarda pauzaning davom etishi bo‘yicha yozma qaror chiqarishini bildirgan.
Tramp tomonidan tayinlangan sudya Nikols xavf yuqori bo‘lgan chet el hududlarida ta’tilga chiqarilgan xodimlarning xavfsizligi qanday ta’minlanishi haqida hukumat vakillariga qator savollar bergan. Adliya vazirligi advokati bu borada batafsil reja taqdim eta olmaganidan so‘ng, sudya tinglovdan keyin sud hujjatlarini topshirishni talab qilgan.
Eslatib o‘tamiz, 20 yanvarda Tramp lavozimga kirishganidan so‘ng AQSH tashqi siyosatiga dasturlar muvofiqligini baholash maqsadida boshqa davlatlarga rivojlanish uchun yordam ko‘rsatishni 90 kun muddatga to‘xtatish to‘g‘risidagi farmonni imzolagan edi.
Live
Barchasi