AQSH Eronga qarshi yangi sanksiyalar joriy qildi

Olam

image

AQSH Eronga qarshi yangi sanksiyalar paketini joriy qilib, mamlakat oliy rahbari Oyatulloh Mujtabo Xomanaiyning asosiy moliyaviy hamkorlaridan biri hamda yana 13 nafar shaxs va tashkilotni qora ro‘yxatga kiritdi. Bu haqda “Reuters” agentligi xabar berdi.

AQSH Moliya vazirligining ma’lum qilishicha, sanksiyalar Dubayda faoliyat yurituvchi eronlik bankir va tadbirkor Ali Ansoriyga nisbatan qo‘llanilgan. U avvalroq ham Eron Islom inqilobi muhofizlari korpusi (IIMK) hamda boshqa tuzilmalarning faoliyatini moliyaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlagani uchun Buyuk Britaniya tomonidan sanksiyaga uchragan edi.

Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, Ansoriy davlat mablag‘larini xorijdagi keng ko‘lamli ko‘chmas mulk va tijorat aktivlariga yo‘naltirib, o‘zi, hukumat elitasi hamda IIMK manfaatlari uchun boylik to‘plagan.

Moliya vazirligining Xorijiy aktivlarni nazorat qilish boshqarmasi (OFAC) Eronda joylashgan uchta valyuta ayirboshlash kompaniyasi va xorijdagi bir qator “niqob kompaniyalari”ga ham sanksiya joriy qilgan. Vashingtonning ta’kidlashicha, ushbu tuzilmalar sanksiya ostidagi eron banklari nomidan har yili milliardlab dollarlik operatsiyalarni amalga oshirgan va hukumatning noqonuniy moliyaviy faoliyatini yashirish uchun ko‘p bosqichli firmalar tarmog‘idan foydalangan.

“AQSH Eron hukmron elitasining moliyaviy manbalarini uzish bo‘yicha qat’iy choralar ko‘rmoqda. Bu tarmoqlarga qarshi harakatlar orqali rejimning xorijiy valyutaga erishishi va xalqaro moliyaviy operatsiyalarni amalga oshirish imkoniyatlari bevosita cheklanmoqda”, degan AQSH Davlat departamenti matbuot kotibi Tommi Pigott bayonotida.

Moliya vazirligining ma’lum qilishicha, Ansoriy avval AQSH sanksiyasiga uchragan va 2025 yil oktyabr oyida Eron hukumati qarori bilan yopilgan Ayandeh Bank bankining egasi va direktori bo‘lgan. Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, Ansoriy 2011 yilda Sent-Kits va Nevisda tashkil etilgan “Smart Global Limited” xolding kompaniyasi orqali Yevropa, Fors ko‘rfazi mamlakatlari va boshqa hududlardagi ko‘chmas mulk hamda tijorat ob’ektlariga millionlab dollar sarmoya kiritish uchun turli mamlakatlardagi soxta kompaniyalar va bank hisoblaridan foydalangan.

“Rasman Ansoriy nomida bo‘lgan ushbu moliyaviy aktivlarning katta qismi aslida Mujtabo Xomanaiy, uning oilasi hamda Ansoriyni korrupsiya va Eron iqtisodiyotiga yetkazgan katta zarari uchun jazolanishdan himoya qilgan rejim elitasi va IIMK manfaatlariga xizmat qilgan”, deyilgan Moliya vazirligi bayonotida.

OFAC shuningdek, mazkur uchta valyuta ayirboshlash kompaniyasi bilan bog‘liq eronlik fuqarolarga, ular uchun moliyaviy operatsiyalarni amalga oshirgan Gonkongdagi CDM Trading Limited hamda Birlashgan Arab Amirliklarida joylashgan Naba Alzaki Raw Materials Trading LLC kompaniyasiga nisbatan ham sanksiyalar joriy qilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Erondan Hormuz bo‘g‘ozida kemalarga hujumlarni to‘xtatishi hamda bo‘g‘ozdagi barcha dengiz yo‘laklari xalqaro kemalar harakati uchun ochiq ekanini rasman e’lon qilishni talab qilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing