Bugun AQSH va Eron o‘rtasida muzokaralar boshlanadi – Tramp (video)
Olam
−
10:00 691 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp Eron bilan muzokaralar bugun, 3 avgust kuni bo‘lib o‘tishini ma’lum qildi. Biroq u kelishuvga erishish uchun aniq muddat belgilashdan bosh tortdi. Bu haqda u Nyu-Jersidan Vashingtonga qaytayotganda Air Force One bortida jurnalistlar bilan suhbat chog‘ida so‘z ochdi.
Tramp avvalroq Truth Social ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida Eron va Yaqin Sharqdagi boshqa davlatlar Hormuz bo‘g‘ozini qayta ochish hamda Tehronning yadro dasturi bo‘yicha kelishuvni yakunlash uchun qo‘shimcha vaqt so‘raganini yozgandi.
Dam olish kunlaridan so‘ng Vashingtonga qaytayotib, Air Force One bortida jurnalistlar bilan suhbatlashgan Tramp muzokaralar bugun, 3 avgust kuni tushdan keyin boshlanishini aytgan. Biroq ular qayerda o‘tishi va unda kimlar ishtirok etishiga aniqlik kiritmagan.
“Men kelishuvga erishishni afzal ko‘rardim. Men odamlarni o‘ldirishni istamayman, chunki urushda juda ko‘p odam halok bo‘ladi. Biz buni xohlamaymiz“, degan u.
Qayd etilishicha, Tramp joriy yilning fevral oyi oxiridan buyon Isroil bilan birgalikda Eronga nisbatan bosimni kuchaytirish bilan tahdid qilib kelmoqda. Shu bilan birga, u bir necha bor diplomatik muzokaralar uchun qo‘shimcha vaqt bergan. Bu muzokaralar esa hozirgacha keng qamrovli kelishuv bilan yakunlanmagan.
Isroil Energetika vaziri va Xavfsizlik kabineti a’zosi Eli Koenning aytishicha, Isroil va AQSH mintaqadagi vaziyat bo‘yicha xavfsizlik hamda razvedka sohasida yaqin hamkorlik qilmoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, Eron yadro dasturini qayta tiklash yoki ballistik raketa dasturini rivojlantirishga urinsa, Isroil kelishuv bor-yo‘qligidan qat’iy nazar zarba berishga tayyor.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Oq uy rahbari Donald Tramp Yaqin Sharq mamlakatlarining iltimosiga binoan Eronga beriladigan zarbalarni vaqtincha to‘xtatishga buyruq berganini ma’lum qilgan edi.
Live
Barchasi