Tramp yana Eronga zarbalarni bekor qildi

Olam

image

Oq uy rahbari Donald Tramp Yaqin Sharq mamlakatlarining iltimosiga binoan Eronga beriladigan zarbalarni vaqtincha to‘xtatishga buyruq berganini ma’lum qildi. U, shuningdek, AQSH va Eron o‘rtasida ehtimoliy bitim tuzilishini e’lon qildi. Bu haqda Tramp Truth Social tarmog‘idagi sahifasida yozdi.

Oq uy rahbari “AQSH Eronga qarshi Ikkinchi jahon urushidan beri kuzatilmagan darajadagi harbiy terror, kuch va qudrat bilan jang qilishga tayyorligini” bildirgan.

“Shunga qaramay, Eron va Yaqin Sharqning boshqa mamlakatlari bitim shartlari kelishib olingani sababli hujumdan tiyilishimizni so‘rab bizga murojaat qilishdi. Bu Hormuz bo‘g‘izini zudlik bilan, to‘liq va mutlaq ochishni hamda Eron tomonidan yadroviy tahdidni to‘xtatishni o‘z ichiga oladi.

Ushbu iltimosdan kelib chiqib, men butun dunyo ezguligi va muvaffaqiyatli hamda farovon Eronning omon qolishi yo‘lida, bitim tezkorlik bilan tuzilishi sharti bilan hujumni bekor qilishga rozi bo‘ldim. Isroil ham ushbu majburiyatda menga qo‘shilmoqda. Hamma ishga kirishsin va buni amalga oshirsin!” deb yozdi Tramp.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq ham Donald Tramp Eronga yangi miqyosda zarbalar berishni keyinga surgani haqida xabar berilgan edi. Bunga asosiy sabablardan biri Tehronning javobi AQSHni mintaqadagi havo hujumidan mudofaa tizimlari uchun raketa zaxiralarining sezilarli darajada kamayishiga olib kelishidan xavotirlanish bo‘lgan. Qaror Trampning maslahatchilari va administratsiya a’zolari bilan o‘tkazilgan yig‘ilishidan so‘ng qabul qilingan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing