AQSH Eron neftini sotib olgan davlatlarga sanksiya qo‘llamoqchi
Olam
−
02 may 3460 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp barcha mamlakat va kompaniyalarni Eron nefti hamda neft-kimyo mahsulotlarini xarid qilishni zudlik bilan to‘xtatishga chaqirdi. Uning ta’kidlashicha, bu talabga amal qilmagan har qanday davlat yoki shaxs “ikkilamchi sanksiyalar”ga duch keladi. Bu haqda u o‘zining Truth Social tarmog‘ida ma’lum qildi.
“Erondan har qanday miqdorda neft yoki neft-kimyo mahsulotlari sotib oladigan har qanday shaxs yoki mamlakat darhol AQSHning ikkilamchi sanksiyalariga uchraydi”, deb yozdi Tramp.
Shuningdek, u bunday harakatni amalga oshirganlarga AQSH bilan “har qanday shaklda yoki ko‘rinishda” biznes yuritish taqiqlanishini ta’kidlagan.
Bu bayonot AQSH va Eron o‘rtasidagi yadroviy muzokaralarning navbatdagi bosqichi mavhum muddatga kechiktirilgani fonida yangradi. Eron rasmiysining “Reuters”ga aytishicha, muzokaralarning yangi sanasi AQSHning yondashuviga bog‘liq bo‘ladi. U AQSH tomonidan sanksiyalar qo‘llanishi diplomatik yechimga yetishishga xalal berayotganini ta’kidlagan.
Shu bilan birga, Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi Eron hali ham yadroviy dastur bo‘yicha qarama-qarshiliklarni muzokaralar orqali hal qilish tarafdori ekanini ma’lum qilgan.
Qayd etish joiz, ayni paytda AQSH va Eron o‘rtasida Ummon vositachiligida allaqachon uch raund muzokaralar o‘tkazilgan. Eron delegatsiyasiga Abbos Aroqchi, AQSH delegatsiyasiga esa Prezidentning maxsus vakili Stiven Uitkoff rahbarlik qilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Senati Rossiyadan neft, gaz, uran va boshqa tabiiy resurslarni sotib olayotgan davlatlar uchun 500 foizlik import bojlari joriy etilishini nazarda tutuvchi qonun loyihasini ma’qullagandi.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr