AQSH DXX Chegara qo‘shinlariga pikaplar sovg‘a qildi

Jamiyat

image
0:00
0:00
download

AQSHning O‘zbekistondagi elchisi Deniyel Rozenblyum O‘zbekiston Respublikasi davlat xavfsizlik xizmati chegara qo‘shinlariga 50 ta Toyota Hilux va Fortuner rusumli avtomashina topshirdi. Bu haqda diplomatik vakolatxona QALAMPIR.UZ’ga ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, Chegara qo‘shinlari nomidan avtomashinalarni qo‘mondon o‘rinbosari, polkovnik Baxtiyor Mansurov qabul qilib olgan. Ushbu transport vositalari AQSH davlat departamenti moliyalashtiruvchi Yadro qurollarini tarqatmaslik va qurolsizlanish jamg‘armasi doirasida sovg‘a qilingan. Qiymati 2,25 million dollarga teng avtomashinalar AQSHning xavfsizlik sohasida O‘zbekistonga ko‘rsatayotgan yordamining bir qismi hisoblanadi.

“2001 yilda AQSH va O‘zbekiston ilk bor mudofaa sohasi va qurollar tarqalishining oldini olish to‘g‘risidagi bitimni imzolagandan buyon mamlakatlarimiz yadroviy, biologik, kimyoviy va radiologik materiallar tarqalishiga qarshi kurashish, shuningdek, chegara xavfsizligini mustahkamlash bo‘yicha to‘la huquqli sherik bo‘lib kelmoqda. Bugun biz hamkorligimizning navbatdagi bosqichini nishonlashdan mamnunmiz va umid qilamizki, topshirilayotgan avtomashinalar O‘zbekiston davlat chegarasi va “yashil chegara”ni qo‘riqlashda chegara qo‘shinlarining imkoniyatlarini oshiradi hamda chegaradagi voqea-hodisalarga tezkor javob qaytirish imkonini beradi”, degan elchi Rozenblyum o‘z nutqida.

Ma’lumot o‘rnida, 1994 yili tashkil etilgan Yadro qurollarini tarqatmaslik va qurolsizlanish jamg‘armasi AQSH hukumatiga zudlik bilan qaror qabul qilishni talab etuvchi qurol tarqalishining oldini olish va qurolsizlanish sohasidagi kutilmagan va murakkab vaziyatlarda operativ javob qaytarishga imkon yaratadi. Ushbu jamg‘arma ishni ishonchli, xavfsiz va tejamkorlik bilan amalga oshirishda strategiya ishlab chiqish, muzokaralar olib borish, dasturlarni boshqarish, moliyaviy operatsiyalar va shartnomalarni bajarish bo‘yicha katta tajribaga ega.


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston-AQSh DXX

Baholaganlar

471

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing