AQSH Davlat departamenti xitoylik xakerlarning hujumiga uchradi
Olam
−
13 iyul 2023
4311Xitoy hukumatiga aloqador kiberjinoyatchilar joriy yilning may oyida G‘arbdagi 25 ta tashkilot, jumladan, AQSH Davlat departamentining elektron pochtasini buzib kirishga muvaffaq bo‘ldi. Bu haqda Microsoft kompaniyasi matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, AQSHda ikkita federal agentlik – AQSH Davlat departamenti va Savdo vazirligi xakerlar hujumiga uchragan.
AQSH Prezidenti Jo Bayden ma’muriyatining milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jeyk Sallivanning aytishicha, xakerlarning hujumi “juda tez” aniqlangan va ularning keyingi kibertajovuziga yo‘l qo‘yilmagan.
Kiberhujum oqibatida ko‘rilgan zarar miqdori hozircha aniq emas. Biroq, AQSH hukumatining yuqori martabali amaldori jurnalistlarga bergan intervyusida bu galgi buzib kirishni 2020 yilning oxirida paydo bo‘lgan va Rossiya hukumati bilan bog‘liqligi aytilgan “SolarWinds” xakerlik guruhiga qiyoslab bo‘lmasligini aytgan.
AQSH Kiberxavfsizlik va infratuzilmani himoya qilish agentligining ma’lumot berishicha, kiberjinoyatchilar o‘zlarini vakolatli foydalanuvchilar sifatida ko‘rsatgan holda elektron pochtalarga kirishga muvaffaq bo‘lgan. Ular soxta autentifikatsiya tokenlaridan foydalangan.
Microsoft kompaniyasi mazkur xakerlik hujumlarida Xitoyning “Storm-0558” xakerlik guruhini ayblagan. Shu bilan birga, kiberhujumni sodir etgan shaxslar may oyining o‘rtalaridan boshlab elektron pochta akkauntlariga kirish imkoniyatini qo‘lga kiritgani ham ma’lum.
“Boshqa holatlarda bo‘lgani kabi, ish xorijiy davlatlar bilan bog‘liq bo‘lgan shaxslarning xatti-harakatlariga aloqador bo‘lsa, Midrosoft nishonga aylangan barcha tashkilotlar bilan bevosita bog‘lanib, ularga tergov va javob qaytarish uchun muhim ma’lumotlarni taqdim etdi”, deyiladi kompaniya bayonotida.
Ta’kidlanishicha, federal agentliklarga hujumlar AQSH davlat kotibi Entoni Blinkenning iyun oyi o‘rtalarida Xitoyga qilgan safaridan oldin amalga oshirilgan.
Xakerlar hujumi nishoniga aylangan idoralar orasida harbiy muassasalar va maxsus xizmatlar yo‘qligi ma’lum qilingan. Shuningdek, AQSHdan tashqari qaysi davlatlar bundan jabrlangani haqida ma’lumot berilmagan.
AQSH Senatining Razvedka qo‘mitasi raisi Mark Uornerning aytishicha, Pekinning bunday harakatlari Xitoy “AQSH va ittifoqchilarga qarshi foydalanish uchun raqamli ma’lumotlarni to‘plash qobiliyatini doimiy ravishda takomillashtirib borayotganini” anglatadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Cold River” xakerlari o‘tgan yozda AQSHning uchta yadroviy tadqiqot laboratoriyasiga hujum qilgani aniqlangandi. Joriy yilning may oyida esa AQSHda 237 ming amaldagi va sobiq federal hukumat xodimlarining shaxsiy ma’lumotlari internetga sizib chiqdi. Shuningdek, may oyining o‘zida yana bir holatda xakerlar AQSH maxfiy hujjatlarini Telegram'da ommaviy ravishda sotayotgani ma’lum bo‘ldi.
LiveBarchasi