AQSH BMTning G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha rezolyutsiyasini blokladi
Olam
−
05 iyun 5760 2 daqiqa
AQSHning BMTdagi doimiy vakili G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatishga chaqiruvchi BMT Xavfsizlik kengashi rezolyutsiyasi loyihasiga veto qo‘ydi va bu hujjatning qabul qilinishiga amalda to‘sqinlik qildi.
Vashington o‘z qarorini matnda HAMASni qoralash yo‘qligi bilan izohladi.
Rezolyutsiya loyihasi Kengashning doimiy bo‘lmagan o‘n nafar a’zosi (E10) nomidan Sloveniya tomonidan muvofiqlashtirilgan holda taqdim etilgan. Hujjatda G‘azoga zudlik bilan insonparvarlik aralashuvi zarurligi, Isroil hujumlarining davom etishi tinch aholi ahvolining keskin yomonlashishiga olib kelgani ta’kidlangan.
Ovoz berishda Xavfsizlik Kengashining 15 a’zosidan 14 nafari rezolyutsiyani qo‘llab-quvvatladi. Kengashning doimiy a’zosi sifatida veto huquqidan foydalangan holda faqat AQSH qarshi ovoz berdi. AQSHning BMTdagi doimiy vakili Doroti Shining aytishicha, Amerika tomoni taklif etilayotgan matnning mazmuni ham, shakli ham “qabul qilib bo‘lmaydigan” deb hisoblaydi.
“Biz bu loyihaga qarshi chiqqanimiz ajablanarli emas. Biz HAMASni qoralamaydigan har qanday tashabbusni qo‘llab-quvvatlamasligimizni ochiq aytdik”, dedi Shi.
Sloveniyaning BMTdagi doimiy vakili Samuel Jbogar E10 guruhi nomidan nutq so‘zlab, rezolyutsiya bloklanganidan afsusda ekanligini bildirdi.
“Rezolyutsiya qabul qilinmadi, biroq 14 ta yoqlab ovoz berilgani kuchli signaldir”.
Jbogarning ta’kidlashicha, loyihani taqdim etgan davlatlar Kengashda konsensusga erishish uchun ataylab faqat gumanitar vaziyatga e’tibor qaratgan. U insonparvarlik yordamidan foydalanishni cheklash va fuqarolarni ataylab oziq-ovqatdan mahrum qilish xalqaro huquqqa zid ekanligini va uni hech qanday urush maqsadlari bilan oqlab bo‘lmasligini eslatdi.
“Bu bizning umumiy pozitsiyamiz bo‘lishiga umid qilgan edik”, deya qo‘shimcha qildi u.
Rezolyutsiya loyihasi kecha, 4 iyun kuni Xavfsizlik Kengashiga taqdim etilgan va G‘azoda ocharchilik xavfi ortib borayotgan bir sharoitda shoshilinch insonparvarlik yordamini ko‘rsatishga chaqirilgan. Tashabbusni qo‘llab-quvvatlagan davlatlar qatorida Sloveniya, Jazoir, Daniya, Gretsiya, Gayana, Panama, Pokiston, Janubiy Koreya, Serra-Leone va Somali ham bor edi.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr