AQSH BMT oldidagi 160 mln dollar qarzini to‘ladi
Olam
−
20 fevral 316 2 daqiqa
AQSH BMT oldidagi 4 milliard dollardan ortiq qarzining taxminan 160 million dollarini to‘lab berdi. Bu haqda tashkilot matbuot kotibi ma’lum qildi.
Bayonotga ko‘ra, o‘tgan hafta Vashington ushbu xalqaro tuzlimaning muntazam byudjeti bo‘yicha avvalgi to‘lovlardan qarzdorlikni qoplash uchun 160 million dollar o‘tkazgan. Ayni paytda Qo‘shma Shtatlar hali ham milliardlab dollar qarzdor bo‘lib qolmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, fevral oyi boshiga kelib muntazam byudjetdan qarz 2,19 milliard dollarni tashkil etgan. Bundan tashqari, tinchlikparvar missiyalar uchun 2,4 milliard dollar hamda tribunal faoliyati uchun 43,6 million dollar to‘lanmagan.
AQSH Prezidenti Donald Tramp Vashingtonda o‘tgan “Tinchlik kengashi” tashabbusining ilk yig‘ilishida AQSH BMTni moliyaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlashini aytdi. Uning ta’kidlashicha, tashkilot “katta salohiyatga ega”, biroq bu imkoniyatdan to‘liq foydalana olmayapti.
Vashington tashkilot byudjetining eng yirik hissadori hisoblanadi. Biroq Tramp ma’muriyati davrida majburiy badallarni to‘lash to‘xtatilgan, ixtiyoriy moliyalashtirish keskin qisqartirilgan hamda AQSH bir qator BMT agentliklaridan chiqib ketgan.
“Tinchlik kengashi” tashabbusi esa xalqaro maydonda turlicha baholanmoqda. Ayrim davlatlar va ekspertlar mazkur tuzilma BMT vakolatlariga soya solishi mumkinligini bildirgan. Kengash dastlab G‘azo sektoridagi vaqtinchalik boshqaruvni nazorat qilish uchun taklif etilgan bo‘lsada, keyinchalik uning vakolatini global mojarolarga kengaytirish rejalari ham tilga olingan.
Ba’zi ekspertlari Tramp boshchiligidagi kengash modelida Falastin vakili yo‘qligiga e’tibor qaratgan. Shuningdek, mazkur yig‘ilishda BMT vakillari ishtirok etmagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Belarus fuqarosi Aleksandr Lukashenko Birlashgan Millatlar Tashkilotini keraksiz tashkilot deb atagan edi.
Live
Barchasi