AQSH Bagram bazasidan harbiylarini ogohlantirishsiz olib chiqib ketganini izohladi 

Olam 7022
image

Amerika tomoni xavfsizlik nuqtai nazaridan Afg‘oniston hukumatiga o‘z kuchlarini Bagram bazasidan olib chiqib ketishning aniq vaqtini oshkor qilmagan. Bu haqda Pentagon Matbuot kotibi Jon Kirbi ma’lum qildi.  

Shuningdek, Kirbi ushbu harbiy inshoot ustidan nazoratni topshirishda AQSH harbiylari afg‘on tomoni bilan kelishganini qo‘shimcha qilgan. 

“Afg‘oniston tomoni ushbu qarorni qanday talqin qilgani haqida gapira olmayman, ammo bu bizning kuchlarimiz xavfsizligi uchun qilingan”, degan Pentagon vakili. 

Avvalroq, AQSH harbiylari Afg‘onistonning Parvan viloyati Bagram shahridagi aviabazani hech qanday ogohlantirishsiz tark etgani haqida xabar bergandik. 

Ma’lumot o‘rnida, AQSH o‘z qo‘shinlarining 90 foizini, allaqachon, Afg‘onistondan olib chiqib ketdi. Bundan tashqari, Italiya va Germaniya ham ushbu mamlakatdan qo‘shinlarini olib chiqib ketgan. Xorijiy qo‘shinlarning mamlakatni tark etishi “Tolibon” harakatiga ustunlik bermoqda va ular birin-ketin mamlakat tumanlarini egallab kelmoqda. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, respublikaning 50-70 foizi toliblar qo‘lida.

Bu esa o‘z navbatida Afg‘oniston hukumati qo‘shinlariga qiyinchilik tug‘dirmoqda. Ular toliblarga qarshi jangda vaqti-vaqti bilan chekinishga va hatto, qo‘shni O‘zbekiston hamda Tojikiston hududlariga qochib o‘tishga ham majbur bo‘lmoqda.

Jumladan, joriy yilning 22 iyun kuni 130 dan ortiq afg‘on harbiylari chegaradosh Tojikistonga, 23 iyun kuni esa ularning 53 nafari O‘zbekistonga qochib o‘tgan. Kecha, 5 iyul kuni ham 1000 dan ortiq Afg‘oniston harbiylari “Tolibon” jangarilarining hujumi sabab qo‘shni Tojikistonga qochib o‘tdi.

Rushana Sultonova
Maqolaga baho bering
Baholaganlar: 219
Reyting: 2.9
Teglar
t
×