AQSH ayrim o‘zbekistonliklarga viza berishni chekladi
Jamiyat
−
09:29 2626 2 daqiqa
AQSH Davlat departamenti O‘zbekistonda AQSHga noqonuniy immigratsiyani bila turib tashkillashtirishda ishtirok etgan shaxslarga nisbatan viza cheklovlarini qo‘llash choralarini ko‘rdi. Bu haqda departamentning rasmiy saytida xabar berildi.
Bu choralar O‘zbekistonda joylashgan ikkita viza xizmatlari kompaniyasining rahbarlari va yuqori lavozimdagi mas’ul xodimlariga taalluqli bo‘lib, ular AQSHga noqonuniy ko‘chib o‘tishni rejalashtirgan shaxslar uchun asosan shu maqsadga qaratilgan sayohat xizmatlarini ko‘rsatgani aniqlangan.
Mazkur qaror Immigratsiya va fuqarolik to‘g‘risidagi qonunning 212(a)(3)(S)-bo‘limiga muvofiq qabul qilingan. Ushbu me’yorga ko‘ra, AQSH tashqi siyosatiga jiddiy salbiy oqibatlar keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan shaxslarning mamlakatga kirishi taqiqlanishi mumkin.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistondagi ayrim shaxslar, jumladan voyaga yetmaganlarni ham o‘z ichiga olgan holda, AQSHga noqonuniy immigratsiya qilishni ko‘zlagan odamlar uchun transport harakatlarini muvofiqlashtirgan. Ular Markaziy Amerikadagi tranzit nuqtalarigacha aeroportlar va chegaralar orqali tashishni tashkil etgan, keyinchalik ko‘pchiligi AQSHga noqonuniy kirishga urinish paytida aniqlangan.
AQSH milliy xavfsizlik yoki immigratsiya qonunlarini izdan chiqarishga qaratilgan har qanday urinishlarga toqat qilmasligini bildirgan. Davlat departamenti noqonuniy immigratsiyadan foyda ko‘rayotgan shaxslar javobgarlikka tortilishini ta’minlashini va chegaralar hamda milliy xavfsizlikni himoya qilish maqsadida odam savdosi va kontrabanda tarmoqlariga qarshi qat’iy choralar ko‘rishini ta’kidlagan.
Shu bilan birga, AQSH hukumati noqonuniy immigratsiyani tashkil etuvchi jinoiy tarmoqlarni bartaraf etish borasida O‘zbekiston hukumati bilan yaqin hamkorlikni yuqori baholashini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Davlat departamenti davlat byudjetiga yuk bo‘lishi mumkin bo‘lgan arizachilarga qarshi kurash doirasida 75 mamlakat fuqarolariga viza olish uchun arizalarni ko‘rib chiqishni to‘xtatayotgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi