AQSH Afg‘oniston janubidagi “Tolibon” pozitsiyalariga zarba berdi
Olam
−
03 avgust 2021
10180AQSH Harbiy havo kuchlari Afg‘oniston janubidagi Helmand viloyatining ma’muriy markazi Lashkargoh shahrida “Tolibon” harakati pozitsiyalariga hujum qildi. Bu haqda Afg‘oniston Mudofaa vazirligi Matbuot kotibi Favad Omon ma’lum qilgan.
Uning aytishicha, havo hujumlari natijasida 7 nafar jangari, “Tolibon”ning ko‘plab qurollari va o‘q-dorilari yo‘q qilingan. Harakatning o‘zi bu xabarlarga hozircha izoh bermagan.
“Tolibon” harakati har kuni Afg‘onistonning tobora ko‘proq tumanlarini egallamoqda. Joriy yilning iyun oyi oxirida “Tolibon” O‘zbekiston va Tojikiston bilan chegaradagi deyarli barcha tumanlarni egallab olgan. 22 iyun kuni jangarilar Tojikiston bilan chegaradosh shimoliy Qunduz viloyatidagi “Shirxon” nazorat-o‘tkazish punktini egallab olgan.
8 iyul kuni ular Eron bilan chegaradagi “Islom Qal’a” nazorat-o‘tkazish punktini, 14 iyul kuni Pokiston bilan chegaradagi “Spin Boldak” nazorat-o‘tkazish punktini nazorat ostiga olgan.
“Tolibon” har ikki tomondan Afg‘onistondan O‘zbekistonga olib boriladigan eng muhim savdo yo‘li — “Hayraton” nazorat-o‘tkazish punktini, shuningdek, Farah viloyatining Eron bilan chegaradosh “Abu Nasir Farahiy” punktini o‘rab olgan. Mamlakat janubi-g‘arbida toliblar G‘azni viloyati tomon harakatlana boshlagan.
“Tolibon” Badaxshon, Taxor, G‘azni, Hirot, Qandahor va Badg‘is viloyatlariga hujumlarini kuchaytirgan. Mahalliy hokimiyatga tayanib xabar berilishicha, hozirda “Tolibon” Afg‘onistonning 407 tumanining 150 tasi ustidan nazorat qiladi. Hukumat kuchlari esa 34 viloyatni nazorat qiladi.
Faollashgan “Tolibon” va Afg‘onistondagi keskinlik
Afg‘onistondagi xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat joriy yilning aprelida AQSH Prezidenti Jo Baydenning respublikada Amerika qurolli kuchlarining operatsiyasi yakuniga yetganini e’lon qilganidan so‘ng, ancha yomonlashdi.
Joriy yilning 13 iyul holatiga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar o‘z qo‘shinlarining 95 foizidan ko‘prog‘ini Afg‘onistondan olib chiqib ketib bo‘ldi. Bu jarayon 31 avgustga qadar yakunlanishi kutilmoqda. Shtatlar kabi NATOning boshqa a’zolari ham Afg‘onistonni tark etmoqda. Jumladan, Italiya, Avstraliya va Germaniya kuchlari, allaqachon, mamlakatdan chiqib ketgan.
Xorijiy qo‘shinlarning Afg‘onistonni tark etishi fonida “Tolibon” harakati mamlakat hududlari ustidan nazoratni o‘rnatish maqsadida hujumlarni kuchaytirmoqda. Toliblarning ta’kidlashicha, ular ayni paytda Afg‘onistonning 85 foizini nazorat qilmoqda. Bundan tashqari, harakat kuchlari bir qator qo‘shni davlatlar — Turkmaniston, Tojikiston, Eron va Pokiston bilan chegarada joylashgan nazorat punktlarini ham egallab olgan. Shunday bo‘lsa-da, harakat vakillari Afg‘onistondan tashqariga chiqmasliklarini va qo‘shni davlatlarga xavf solmasliklarini qayta va qayta ta’kidlamoqda.
LiveBarchasi