AQSH Yevropadagi qo‘shinlarini yil oxirigacha olib chiqishi mumkin
Olam
−
17 may 2025 3372 1 daqiqa
Amerika Qo‘shma Shtatlari NATO ittifoqchilari bilan Amerika qo‘shinlarini Yevropa davlatlaridan olib chiqish bo‘yicha maslahatlashuvlarni joriy yilning iyun oyida bo‘lib o‘tadigan Gaagadagi sammitdan so‘ng boshlaydi. Bu haqda AQSHning alyansdagi doimiy vakili Mettyu Uitaker Estoniyadagi xavfsizlik bo‘yicha konferensiyada ma’lum qildi.
Uitakerning aytishicha, Yevropadagi harbiy ishtirokni qisqartirish qarori hali yakuniga yetmagan, ammo Vashington shu yil oxirida ittifoqchilar bilan tegishli muzokaralarni boshlashni rejalashtirmoqda.
“Qaror qabul qilingandan keyin biz buni NATO doirasida muhokama qilamiz”, deb ta’kidladi amerikalik diplomat.
Uning qo‘shimcha qilishicha, maslahatlashuvlar kollektiv xavfsizlik tizimidagi bo‘shliqlarning oldini olishga va yevropalik hamkorlar bilan yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan o‘zgarishlarni muvofiqlashtirishga qaratilgan.
Diplomatga ko‘ra, AQSH qo‘shinlarini Yevropadan olib chiqish tashabbusi yangi g‘oya emas, balki uzoq muddatli strategiyaning bir qismidir.
Mart oyi boshida “The Washington Post” nashri Yevropa Ittifoqi diplomatik doiralaridagi uchta manbaga tayanib, Yevropa Qo‘shma Shtatlar sobiq prezident Jo Bayden tomonidan mintaqaga yuborilgan 20 mingga yaqin qo‘shimcha qo‘shinlarini Yevropadan olib chiqib ketishini kutayotgani haqida yozgan edi.
Oq uy rahbari Donald Tramp lavozimga kirishgach, NATO davlatlarini mudofaa xarajatlarini YAIMning 5 foizigacha oshirishga chaqirdi.