AQSHning Yevropadagi harbiy bazalari shay holatga keltirildi – CNN  

Olam

image

29 va 30 iyun kunlari AQSHning Yevropadagi bir qator harbiy bazalari yuqori shay holatga keltirildi va kuch himoyasi darajasi AQSH qo‘shinlari yoki inshootlari terroristik hujumga duchor bo‘lishi mumkinligidan xavotirlar fonida ikkinchi eng yuqori darajaga ko‘tarildi. Bu haqda kecha, 30 iyun kuni nomi oshkor etilmagan ikki amerikalik rasmiyga tayanib, CNN xabar berdi.

“Ushbu harbiy bazalar, jumladan, AQSHning Yevropa qo‘mondonligi (USEUCOM) uyi bo‘lgan Shtutgart armiyasi garnizoni, 30 iyun kuni o‘zlarining kuch himoyasini “Charli” darajasiga oshirdi”, deb aytda nashr suhbatdoshlari.

AQSH armiyasining ma’lumotlariga ko‘ra, bu daraja terakt yoki harbiy xodimlar yoki inshootlarga hujum qilish ehtimolini ko‘rsatuvchi razvedka ma’lumotlari mavjud bo‘lganda qo‘llaniladi.

AQSHning Yevropadagi harbiy bazalaridan birida joylashgan CNN manbalaridan biri bu darajadagi tahdid u yerda kamida 10 yil davomida kuzatilmaganini ta’kidladi. 

“Bu, odatda, harbiylar faol tahdiddan xabardor ekanligini anglatadi”, dedi u.

AQSHning Yevropadagi qo‘mondonligi matbuot kotibi Den Dey AQSH kuchlari uchun maxsus himoya darajalari haqida izoh berishdan bosh tortdi. Biroq, uning ta’kidlashicha, qo‘mondonlik "Amerika harbiy xizmatchilarining chet eldagi xavfsizligiga ta’sir qiluvchi ko‘plab omillarni doimiy ravishda baholab boradi".

"Ushbu sa’y-harakatlar doirasida biz tez-tez qo‘shinlarimiz xavfsizligini ta’minlash uchun qo‘shimcha choralar ko‘ramiz. Operativ xavfsizlik nuqtai nazaridan, biz aniq choralar haqida gapirmaymiz, lekin biz hushyor bo‘lamiz", deya qo‘shimcha qildi u.

Amerikaning Yevropadagi harbiy bazalarida xavfsizlik choralarini kuchaytirish uchun qanday razvedka asos bo‘lganligi noma’lum. Biroq Yevropa rasmiylari qit’ada ehtimoliy terrorchilik tahdidi haqida ogohlantirgan, ayniqsa iyul oyida Parijda bo‘lib o‘tadigan Olimpiada o‘yinlari arafasida hamda Germaniyada futbol bo‘yicha joriy Yevropa chempionati vaqtida.

Ma’lumot uchun, futbol bo‘yicha Yevropa chempionati vaqtida xavfsizlikni ta’minlash maqsadida Germaniya hukumati nemis politsiyachilarini qo‘llab-quvvatlash uchun boshqa mamlakatlardan 580 nafar politsiyachini jalb qildi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Evropa

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing