AQSH hujumi natijasida Iroqdagi dronlar bazasi yo‘q qilindi — NYT
Olam
−
28 iyun 2021
6487Avvalroq, Amerika Qo‘shma Shtatlarining Harbiy-havo kuchlari kecha, 27 iyun kuni Iroq va Suriya chegarasidagi eronparast qurolli guruhlarga qarshi havo hujumlarini boshlagani haqida xabar bergandik. Zarbalar Suriyaning ikkita va Iroqning bir joyidagi qurol-yarog‘ jihozlari va omborxonalariga qaratilgandi.
AQSH havo kuchlari hujumi natijasida Eronni qo‘llab-quvvatlovchi jangarilarga tegishli Iroqdagi uchuvchisiz uchar qurilmalar bazasi yo‘q qilingan. Bu haqda “The New York Times” Jo Bayden ma’muriyatidagi manbalariga asoslanib xabar bergan.
Nashrning yozishicha, so‘nggi oylarda Iroqdagi eronparast qurolli guruhlar, ehtimol Tehron tomonidan boshqariladigan uchuvchisiz samolyotlardan faol foydalanishni boshlagan. Ular Iroqdagi amerikalik harbiy instruktorlarga, shuningdek, Markaziy razvedka boshqarmasi xodimlariga qarshi hujumlarda ishlatilgan.
Hujumdan maqsad jangarilarni bunday imkoniyatdan mahrum qilish bo‘lgan, ammo Vashington ma’muriyatining noma’lum vakillarining aytishicha, Oq uy bunday eronparast tuzilmalarni uzoq vaqt to‘xtata olmasligini tushunadi.
Nashrning ta’kidlashicha, Suriyadagi ikkita nishon asosan ombor sifatida ishlatilgan. Oq uy uchala uchastkada ham odam kam bo‘lganini taxmin qilgan.