AQSH husiylarning qanotli raketalariga zarba berdi
Olam
−
05 fevral 2024
3923AQSH harbiylari kecha, 4 fevral kuni Yamanga yana bir qator zarbalar berib, husiylarning beshta qanotli raketalarini nishonga oldi. Bu haqda AQSH Markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM) ma’lum qildi.
"4 fevral kuni Sana vaqti bilan taxminan 05:30 da CENTCOM kuchlari o‘zini himoya qilish maqsadida husiy qanotli raketasini urdi. Sana vaqti bilan soat 10:30 dan boshlab CENTCOM to‘rtta kemaga qarshi qanotli raketani urdi, ularning har biri Qizil dengizdagi kemalar tomon uchirishga tayyor turgan edi”, deyiladi qo‘mondonlik X’da e’lon qilingan bayonotda.
O‘z navbatida, husiylar vakili Yahyo Sariya AQSH va Britaniyaning Yamandagi havo hujumlarini javobsiz qoldirmaslikka va’da berdi.
Uning aytishicha, zarbalar Yaman poytaxti Sanadagi husiylar pozitsiyalariga, shuningdek, ular joylashgan boshqa hududlarga berilgan.
"Hujumlar bizni G‘azo sektoridagi Falastin xalqini qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatishga majbur qilmaydi", deydi Yahyo Sariya.
Qayd etish joizki, G‘azo sektorida mojaro avj olganidan so‘ng, husiylar Isroil hududiga hujumlar uyushtirish va urush tugagunga qadar ular bilan bog‘liq kemalarning Qizil dengiz va Bob al-Mandeb bo‘g‘ozi suvlari orqali o‘tishiga yo‘l qo‘ymasliklarini aytgan. Husiylar o‘tgan yilning noyabr oyi o‘rtalaridan beri Qizil dengiz va Adan ko‘rfazida o‘nlab fuqarolik kemalariga hujum qilgan.
Bunga javoban AQSH, Bahrayn, Buyuk Britaniya, Ispaniya, Italiya, Kanada, Niderlandiya, Norvegiya, Seyshel orollari va Fransiya kabi davlatlar husiylarga qarshi “Prosperity Guardian” (Farvonlik qo‘riqchisi) operatsiyasini e’lon qildi. AQSH va Buyuk Britaniya ikki marta qo‘shma operatsiya o‘tkazib, Yaman hududidagi nishonlarga zarba berdi. Bundan tashqari, AQSHning o‘zi ham bir necha bor husiylarga hujum qildi.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq amerikalik rasmiylarga tayanib, “Financial Times” nashri AQSH Xitoydan Eronni husiylarga ta’sir o‘tkazishga undashni so‘ragani, ammo Pekindan arzirli javob bo‘lmaganini xabar qilgandi. Keyinchalik, “Reuters” agentligi Erondagi manbalariga tayanib, Xitoy Erondan Yamandagi husiylarning Qizil dengizdagi kemalarga hujumlarini to‘xtatishda yordam so‘raganini yozdi. Yamandagi husiylar vakili esa harakat Qizil dengizdagi Rossiya, Xitoy yoki Germaniya kemalariga hujum qilish niyatida emasligini aytgan.
LiveBarchasi